Shohjahon Ergashev Maykal Foks bilan jangdagi qiyinchiliklar haqida gapirdi

Intervyu

image

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan o‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev so‘nggi bor joriy yilning 15 fevral kuni  amerikalik Maykal Foksga (19-1, 5KO) qarshi ringga chiqqan va unda ochkolar bo‘yicha g‘alaba qozongandi.

U MOQ Matbuot va media departamenti vakillari bilan suhbatda Maykal Foks bilan o‘tkazgan jangi oson kechmaganini ma’lum qildi. 

"Jang men o‘ylagandan qiyinroq kechdi. U biroz noqulay raqib edi. Bu qaysidir tomonlama mening professional boksdagi faoliyatimga ijobiy ta’sir qilishi mumkin. Chunki, xech qachon mag‘lubiyatga uchramagan bokschi bilan 10 raundlik jang o‘tkazish oson emas. Menimcha barchasi yaxshilikka bo‘ldi. Uning bo‘yi mendan 15 santimetrga baland edi. Ushbu jihat menga biroz qiyinchilik tug‘dirdi.

Dastlabki raunddayoq nokaut kutishgandi? Maykl Foks birinchi raunddayoq taslim bo‘ladigan bokschi emas. Bundan buyog‘iga raqiblar saviyasi oshadi, janglar ham qiyinlashib boradi. Endi asosan 10-12 raundlik janglar bo‘ladi. Menimcha haqiqiy professional boks jahon chempionligiga erishganingizdan so‘ng boshlanadi. Fikrimcha, eng qiyin janglarim hali oldinda. Men prof ringdagi faoliyatimni endi boshladim deb o‘ylayman.

Muxlislar, meni qo‘llab-quvvatlab turgan insonlar nokautlarimga o‘rganib qolishgan. To‘g‘ri, ular nokaut kutishadi. Doimo nokaut bilan yutishga harakat qilaman. Ammo bu boks, ringda nima bo‘lishini xech kim bilmaydi”, deydi Ergashev. 

Eslatib o‘tamiz, Shohjahon Ergashevning navbatdagi jangi joriy yilning 14 aprel kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Shohjahon Ergashev

Baholaganlar

68

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing