Shoygu Ukrainani ogohlantirdi
Olam
−
02 Sentabr 2022
40148Rossiya Mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu agar Kiyev provokatsiyalarini davom ettirsa, Zaporoje atom elektr stansiyasida (ZAES) yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar uchun javobgarlik Ukrainada bo‘lishi haqida ogohlantirdi.
“Ta’kidlaymanki, keyingi provokatsiyalar yuz bergan taqdirda, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar uchun butun javobgarlik to‘liq Ukraina rasmiylariga yuklanadi”, deydi u.
Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasi ob’ektlarining o‘qqa tutilishi Yevropada haqiqiy yadroviy falokat xavfini tug‘diradi, Kiyevning bunday harakatlari xalqaro huquq tomonidan yadroviy terrorizm sifatida kvalifikatsiya qilinadi.
“MAGATE mutaxassislari kelganiga qaramay, provokatsiyalar davom etmoqda. Kecha Ukraina Qurolli kuchlari nafaqat Zaporoje atom elektr stansiyasini, balki missiya a’zolarining harakatlanish marshrutini ham o‘qqa tutdi”, deb davom etdi Mudofaa vazirligi rahbari.
Vazir AQSH va Yevropa Ittifoqining elektr stansiyasi atrofidagi vaziyat yuzasidan sukut saqlayotganiga ishora qilib, ular Kiyevning provokatsiyalarini qo‘llab-quvvatlayotgani, Rossiya esa Zaporoje AES xavfsiz ishlashi uchun hamma narsani qilayotganini urg‘uladi.
“Biz MAGATE missiyasi faoliyatining ob’ektiv natijalari jahon hamjamiyatiga yetkazilishini kutamiz”, deya xulosa qildi Shoygu.
Bugungi kunga qadar Zaporoje viloyati hududining taxminan 72-73 foizi Rossiya qo‘liga o‘tdi. Ukraina Qurolli Kuchlari nazorati ostida Zaporoje shahri qolmoqda, u yerda mintaqa aholisining deyarli yarmi istiqomat qiladi. Viloyat markazi vazifasini Melitopol bajaradi.
Aytish joizki, 30 avgust kuni MAGATE rahbari Rafael Grossi boshchiligidagi missiya Kiyevga yetib borgandi. 31 avgust kuni ertalab esa MAGATE missiyasi karvoni Kiyevdan chiqib, Energodardagi ZAES tomon yo‘l olgan. 1 sentyabr kuni ekspertlar o‘z ishini boshladi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya mart oyi boshida ZAESni egallab oldi, shundan keyin ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. 5 avgust kuni ukrain matbuoti ruslar ZAESga to‘rt marta o‘q uzgani haqida xabar berdi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.
Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.
LiveBarchasi