Shoygu SHHTning harbiy salohiyatini oshirish yo‘llarini aytdi

Olam

image

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) ning jangovar salohiyatini, xususan, harbiy xavfsizlik sohasida axborot almashish mexanizmlari orqali oshirishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 24 avgust kuni SHHTga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining Toshkentda o‘tayotgan yig‘ilishida aytib o‘tgan.

“SHHT harbiy salohiyati samaradorligini oshirish. SHHT Mudofaa vazirlari kengashi huzuridagi ekspert ishchi guruhi faoliyatini faollashtirish va amaliy mazmun bilan to‘ldirish. Unga mamlakatlarimiz mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash”, deydi Shoygu yig‘ilishda jamoaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar haqida gapirib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ustuvor yo‘nalishlar qatoriga, xususan, “uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi kurash, axborot va biologik xavfsizlik” kirishi mumkin.

Rossiya Mudofaa vaziri, shuningdek qo‘shinlarni tayyorlash va qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish amaliyotini takomillashtirish, ilg‘or tajriba almashish va noqonuniy qurolli guruhlarga qarshi kurashishning yangi usullarini ishlab chiqish zarurligini ham ta’kidlagan. Tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash har doim SHHTning asosiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolayotganini aytib, tashkilot doirasida harbiy xavfsizlik sohasida axborot almashish mexanizmini ishlab chiqishni ham asosiy vazifalardan biri deb atagan.

“Bunday hamkorlikning huquqiy asoslarini yaratish uchun biz Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar mudofaa idoralari o‘rtasida tezkor axborot almashinuvini tashkil etish va uni himoya qilish to‘g‘risidagi Bitim loyihasini ishlab chiqdik. Biz uni yaqin kelajakda ko‘rib chiqish uchun yuboramiz”, deydi Shoygu.

U bugungi uchrashuv natijalari Shanxay hamkorlik tashkilotini yanada izchil rivojlantirish, tashkilot mas’uliyati doirasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlash uchun mustahkam asos bo‘lishiga ishonch bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

ShHT

Baholaganlar

137

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing