“Shovotlandiya” kafesidagi jinoyat ishiga raislik qilgan sudya intizomiy jazoga tortildi
Jamiyat
−
06 fevral 2022
143352022 yilda 4 nafar sudyaning vakolati muddatidan avval tugatildi, 9 nafar sudya intizomiy jazoga tortildi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Jazoga tortilgan sudyalar orasida “Shovotlandiya” kafesining yoqib yuborilishi va oqibatda 5 kishining vafot etishi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yichcha sud majlisiga raislik qilgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining raisi Z.Bobonov ham bor.
Qayd etilishicha, 2022 yilning o‘tgan davrida to‘rt nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilgan. Ularning uch nafari o‘z arizasiga ko‘ra, bir nafari sudyalik qasamyodini buzgani sababli lavozimidan ozod etilgan.
Bundan tashqari joriy yilning 4 fevral kuni poytaxt sudlarida faoliyat ko‘rsatayotgan:
• X.Parpiyev (jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining sudyasi);
• A.Mengliyev (fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining sudyasi);
• I.Rajabov, N.Hamidov, O.Gulyamova, O.Ismoliov (Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining sudyalari);
• I.Sabirov (jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining raisi);
• Z.Bobonov (jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining raisi );
• J.Najimov (jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining sudyasi) mas’uliyatsizligi va yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Shovotlandiya” kafesi yoqib yuborlishi ortidan gumonlanuvchilar F.Sayfiyev va R.Abdurahimovga chiqarilgan sud hukmidan norozi bo‘lib, ularning oila a’zolari Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga murojaat qilgan edi.
Joriy yilning 3 fevral kuni ushbu murojaat asosida ilk apellsiya sudi o‘z ishini boshladi.
3 fevral soat 15:00 ga belgilangan sud majlisi 2 soat kechikish bilan soat 17:00 da boshlangan. Apellsiya arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha birinchi sud majlisi aybdor deb topilgan F.Sayfiyev va R.Abdurahimovga sud majlisi bayonnomasi berilmagani va ularning huquq va majburiyatlari tushuntirilmagani sababli qoldirilgan.
Advokat Fazliddin Shermatovning QALAMPIR.UZ'ga aytishicha, himoyasi ostidagi R.Abdurahimov hali ham bayonnomani olmagan.
"Shovotlandiya" ishi
(21.12.2021 y. – Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi hukmi. Rais: Z.Bobonov)
Joriy yilning 27 fevral soat 03:51 da Chilonzor tumanida joylashgan “Shovotlandiya” kafesida yong‘in sodir bo‘lgandi. Voqea joyiga 4 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilib, soat 04:37 da yong‘in to‘liq o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida besh kishi halok bo‘lgan va kafening tom qismi hamda ichki jihozlari, 150 kvadrat metr maydoni yonib, jiddiy zararlangan. Fojiada Javohir J. (1998 yilda tug‘ilgan), Xudoyshukur X. (1998 yilda tug‘ilgan), Bibijon A. (1961 yilda tug‘ilgan), Madina B. (1999 yilda tug‘ilgan) va Shohsanam A. (1996 yilda tug‘ilgan) halok bo‘lgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlarida binoga qasddan yong‘in yetkazgan shaxs joriy yilning 27 fevral kuni soat 03:30 larda Matiz avtomashinasida manzilga kelib, bino devorlariga o‘zi bilan olib kelgan shisha idishdagi suyuqlikni sepib, so‘ng yana bir idishdagi suyuqlikni bino ichkarisiga otgan va alanga chiqishini kuzatib, yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng, voqea joyini yashirincha tark etgani aniqlangan.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Ushbu jinoyat muqaddam JKning uchta moddasi bilan sudlangan Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi S.F. tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, ushlangan.
Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalariga ko‘ra, bino ichida uxlab yotgan 60 yoshli ayol, 23 yoshli ikki nafar yigit, 22 va 25 yoshli ikki nafar qiz is gazidan zaharlanish fonida tananing 100 foiz 3−4 darajali termik kuyishi oqibatida vafot etgan.
Sud hukmi bilan yong‘inga sababchi sifatida gumon qilingan 36 yoshli Rustam Abdurahimovga Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (qasddan odam o‘ldirish), 165-moddasining 1-qismi (tovlamachilik), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga JKning 59-moddasi 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, 26 yoshli sudlanuvchi Fazliddin Sayfiyev Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (Qasddan odam o‘ldirish), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
LiveBarchasi