Shov-shuvli qo‘lga olinish “ko‘cha”larning piariga o‘ynamaydimi? 

3-sahifa

image

Bugun, 12-dekabr kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan QALAMPIR.UZ jurnalisti shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevga shov-shuvli tarzda qo‘lga olingan, jinoiy guruhlarga a’zo bo‘lishda gumonlangan shaxslar qo‘yib yuborilgan taqdirda, bu ular uchun piar vazifasini bajarmaydimi, mazmunidagi savol bilan yuzlandi.

“Deyarli har kuni u yoki bu viloyatda jinoyatchilar qo‘lga olingani haqida ma’lumotni ko‘ryapmiz. “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri anchayin shov-shuv bilan o‘tkazilyapti. Lekin tarmoqlarda vahima bilan qo‘lga olinganlarning ko‘pchiligi qo‘yib yuboriladi, degan gaplar ham yo‘q emas. Nima uchun qo‘lga olinganlar boshqalarga qaraganda "ovoza" bilan [ichkariga] olib kirildi va ular qo‘yib yuborilgan taqdirda bu piar vazifasini bajarmaydimi hamda odamlarning ichki ishlar organlariga nisbatan ishonchini pasaytirmaydimi?", deya savol berdi jurnalist Feruza Najmiddinova.

IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari esa qo‘lga olinganlar qo‘yib yuborilmasligiga yetarlicha ishonch hosil qilinganidan keyingina ular ushlanganini aytdi va ularni uyushgan jinoyatchilikda ayblash bo‘yicha dalillar mavjudligini ta’kidladi.

“Bu oylar va yillar davomida ishlab kelingan, nazoratga olingan narsalar. Nimaga yillar, nimaga oylar? Biz hammasiga kerakli, yetarli dalillar topganimizdan keyin bu tadbirlarni amalga oshirganmiz. 

Bugungi kunda ushbu tadbirlarni amalga oshirishda qanaqadir dalillarimiz yetmasligi yoki qayerdadir kamchilikka yo‘l qo‘yib qo‘yishimizni, siz aytganingizdek, kimdir chiqib ketib qolishini... To‘g‘ri, bunga avvalo tergov bilan sud baho beradi, lekin biz ham protsessual qoidalarni bilamiz. Biz ham jinoyat klassifikatsiyalarini tushunamiz. Va bu yerga kelgan, hozirgi asosiy familiyalari tilga olingan shaxslar – uyushgan guruh. Mana deyarli 11-kun ishlayotgan bo‘lsak, bularni uyushgan guruh tartibida harakatlangan, deb qo‘rqmasdan ayta olamiz. Sababi, kecha tergovchilar tomonidan qo‘shimcha dalillarga asosan bir qator shaxslarning uyushgan jinoyatchilik tartibida harakatlangani ma’lum bo‘ldi”, deydi Toshxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, Doniyor Toshxo‘jayev qo‘lga olinganlarning amaldorlar bilan aloqalari haqida hozircha ma’lumot yo‘qligini aytgandi. Shuningdek, u ichki ishlar organlari xodimlari va tumanlardagi “kriminal avtoritet”lar yoki “smotryaiy”lar orasida qandaydir bog‘liqlik holatlari aniqlangan taqdirda, IIO xodimlari ayab o‘tirilmasdan jazolanishini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

IIBB Doniyor Toshxo'jaev jinoiy guruhlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing