Shomurodov va Fayzullayev gollari jamoasiga g‘alaba keltirdi
Sport
−
10:15 1475 2 daqiqa
Kecha, 22 dekabr kuni Turkiya Superligasi 17-tur doirasida “Istanbul Bashakshehir” jamoasi o‘z maydonida “Gaziantep” klubini 5:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvda O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari Shomurodov va Fayzullayev ham o‘z hisobiga bittadan gol yozib qo‘ydi.
Uchrashuvning 21-daqiqasida Eldor Shomurodov hisobni ochgan bo‘lsa, 29-daqiqada Abbosbek Fayzullayev jamoasining ikkinchi golini kiritdi.
Ikkinchi bo‘limning 53-daqiqasida mehmonlar safidagi Arda Kizildag‘ to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi. 68-daqiqada Umut Gunesh hisobni yanada yiriklashtirdi. 84-daqiqada esa Ivan Brnich uchrashuvdagi yakuniy golni kiritib, o‘yinning yirik hisobda yakunlanishini ta’minladi. Mehmonlar jamoasining yagona goliga Drissa Kamara mualliflik qildi.
“Sofascore” nashri ushbu bahsda Eldor Shomurodovning o‘yinini 7,9 ball, Abbosbek Fayzullayevning harakatlarini esa 9,3 ball bilan baholadi.
Ayni paytda Eldor Shomurodov 12 ta gol bilan Turkiya Superligasining eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi. Undan keyingi o‘rinlarda “Trabzonspor” hujumchisi Pol Onuachu (11 gol) hamda “Galatasaroy” forvardi Mauro Ikardi (9 gol) joylashgan.
Ma’lumot uchun, Turkiya Superligasi turnir jadvalida hozirda “Galatasaroy” 42 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. “Fenerbahche” 39 ochko bilan ikkinchi, “Trabzonspor” 35 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. “Istanbul Bashakshehir” esa ushbu g‘alabadan so‘ng 23 ochko bilan 7-pog‘onaga ko‘tarildi.
Live
Barchasi