Shols muzokaralar haqida Putinning fikrini bilishning yagona yo‘lini aytdi
Olam
−
17 noyabr
9525Germaniyaning federal kansleri Olaf Shols Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukraina masalasida muzokaralar bo‘yicha pozitsiyasini bilishning yagona yo‘li – u bilan gaplashish ekanini aytdi. Bu haqda kansler “Süddeutsche Zeitung” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Sholsdan Rossiya o‘z pozitsiyasini mustahkamlayotgan bir paytda Putin nima uchun muzokaraga kirishishi kerak, deb so‘ralgan. Kansler Rossiya Prezidentining bu boradagi fikrlarini muhokama qilish befoyda ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Putin va Shols oxirgi marta 2022 yil dekabrida telefon orqali suhbatlashgan. O‘shanda Shols Putinni Ukraina hududidan qo‘shinlarni olib chiqishga va mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish uchun yechim topishga chaqirgan. Rossiya Federatsiyasi va Germaniya rahbarlarining so‘nggi yuzma-yuz uchrashuvi 2022 yil 15 fevral kuni Kremlda bo‘lib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 noyabr kuni Germaniya kansleri Olaf Shols va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2022 yil oxiridan buyon birinchi bor telefon orqali muloqot qilgandi. Suhbat bir soat davom etgan va uning tashabbuskori Germaniya bo‘lgan. Kansler nemis tilida gapirgan, shuning uchun Rossiya rahbari tarjimonga muhtoj bo‘lmagan. Biroq Putin, “Bild” nashrining yozishicha, rus tilida javob bergan. Shols esa, Angela Merkeldan farqli o‘laroq, rus tilini bilmasligi sababli, Prezidentning so‘zlari unga tarjima qilingan. Putin va Shols muloqotda Rossiya-Ukraina urushini muhokama qilgan. Suhbat davomida Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha batafsil va ochiq fikr almashilgan. Vladimir Putin urushga sabab sifatida NATOning yillar davomida olib borgan agressiv siyosatini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, kelajakdagi kelishuvlar Rossiyaning xavfsizlik bo‘yicha manfaatlarini hisobga olishi, yangi hududiy realliklarga asoslanishi va urushga sabab bo‘lgan omillarni bartaraf etishi zarur.
LiveBarchasi