Shimoliy Koreya raketalarida G‘arb davlatlarining ehtiyot qismlari topildi
Olam
−
21 fevral
6269Ukrainaning Xarkov viloyati hududiga qulagan Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan raketa qoldiqlaridan 290 ta KXDRga tegishli bo‘lmagan elektron komponentlar topildi. Bu haqda kecha, 20 fevral kuni Britaniyaning mojaro qurollarini o‘rganish bo‘yicha nohukumat markazi (Conflict Armament Research, CAR) tomonidan chop etilgan hisobotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bu tafsilotlarning aksariyati AQSH, Germaniya va boshqa G‘arb mamlakatlari kompaniyalari bilan “bog‘lanishi mumkin”. Britaniyalik tahlilchilar ko‘rib chiqilayotgan komponentlarning etiketkaga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida ishlab chiqarilganligini ta’kidladi. Bu shuni anglatadiki, raketa qismlari Rossiyaga 2022 yil fevralida Ukrainada urush boshlanganidan keyingina yetkazilishi mumkin edi.
“Bir tomondan, bu Shimoliy Koreya unga ballistik raketa komponentlarini yetkazib berishni taqiqlovchi xalqaro sanksiyalarni muvaffaqiyatli chetlab o‘tishda davom etayotganini anglatadi. Boshqa tomondan, bu Shimoliy Koreya harbiy sanoati tashqi ta’minotga qanchalik bog‘liqligini ko‘rsatadi”, deyiladi CAR hisobotida.
Tahlilchilarlarga ko‘ra, ko‘rib chiqilayotgan komponentlar asosan raketaning navigatsiya tizimining bir qismi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, 50 ga yaqin davlat, jumladan, AQSH va Germaniya KXDRdan Rossiya Federatsiyasiga ballistik raketalar yetkazib berilishini, shuningdek, Rossiya 2024 yil boshida Ukrainaga yirik zarbalar berishda ushbu raketalardan foydalanganini qoraladi. Vladimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga qariyb 300 ta raketa va 200 dan ortiq uchuvchisiz samolyot otgan, 40 dan ortiq odam halok bo‘lgan.
AQSH Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbining aytishicha, Shimoliy Koreya Rossiyaga nafaqat raketalarning o‘zi, balki ular uchun uchirgichlar ham yetkazib beradi. Vashington fikricha, Pxenyan o‘z qo‘llab-quvvatlashi evaziga Moskvadan harbiy texnika, jumladan, qiruvchi samolyotlar, “yer-havo” raketalari, zirhli texnikalar va ilg‘or harbiy texnologiyalar olishni xohlaydi.
LiveBarchasi