Shimoliy Koreya qanotli raketa uchirdi
Olam
−
23 mart 2023
5693Kecha, 22 mart kuni KXDR to‘rtta qanotli raketa uchirdi. Bu haqda bugun, 23 mart kuni Janubiy Koreya Milliy mudofaa vaziri Li Jong Sop ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Koreya Respublikasi Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi 22 mart kuni ertalab KXDR sharqidagi Xamxun shahri hududidan bir nechta qanotli raketalar uchirilganini payqagan.
“Bizning ma’lumotlarimizga ko‘ra, to‘rtta raketa bor edi. Biz dastlabki tahlilni o‘tkazdik. Koreya Respublikasi va AQSH bu ma’lumotlarni yanada sinchiklab tekshirmoqda”, deydi Janubiy Koreya Milliy mudofaa vaziri.
Shuningdek, Li Jong Sopga KXDR o‘zining yadroviy kallakni miniatyuralashtirishni yakunladimi va Xalq Respublikasi uni taktik qurollarga o‘rnatishga tayyormi, degan savol bilan murojaat qilingan. U esa shimoliy koreyalik muhandislar bu borada sezilarli yutuqlarga erishganini ma’lum qilgan.
Ta’kidlash joizki, bugun, 23 mart kuni AQSH va Janubiy Koreya ikki koreys davlati chegarasi yaqinida keng ko‘lamli jonli o‘q otish mashqlarini yakunlagan. Poligon qurolsizlantirilgan hududdan 30 km uzoqlikda joylashgan. Manyovrlarga 100 ga yaqin gaubitsa va zirhli texnika, shuningdek, 800 ga yaqin harbiy xizmatchilar jalb qilingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 mart kuni AQSH va Janubiy Koreya harbiylari “Ozodlik qalqoni” deb ataluvchi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini boshlagan edi. Bu mashg‘ulotlar Shimoliy Koreya tahdidlariga qarshi qaratilgan bo‘lib, 11 kun davom etishi rejalashtirilgan. Bunga javoban Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon “Xvason-17” qit’alararo ballistik raketasini uchirgan edi.
LiveBarchasi