Shimoliy dengizda Rossiya suv osti kemalarining faolligi ortdi

Olam

image

Norvegiya harbiy-dengiz kuchlari Shimoliy dengiz hududida Rossiya suv osti kemalari, shuningdek, razvedka samolyotlarining faolligi oshganini qayd etdi. Bu haqda TV2 telekanali xabar berdi.

Aytilishicha, Norvegiya qurolli kuchlari Rossiya suv osti kemalarining faoliyatini kuzatib bormoqda. Norvegiya harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni Rune Andersen shunday suv osti kemalaridan “Severodvinsk” va “Yuriy Dolgorukiy”ning AQSH va Yevropadagi strategik ob’ektlar uchun xavf tug‘dirishi ehtimolidan ogohlantirgan.

“Bular ilg‘or raketalar bilan qurollangan zamonaviy, past ovozli suv osti kemalari”, degan Andersen.

Norvegiya harbiy-dengiz kuchlari Rossiya harbiy-dengiz kuchlari faolligining o‘sishi haqida e’lon qilsada, miqdoriy hisob-kitoblarni taqdim etmagan. Biroq G‘arb davlatlari javob choralarini ko‘rayotgani ma’lum qilingan.

Manbaga ko‘ra, mamlakat Qurolli kuchlari strategik infratuzilmaga aniq tahdidlar haqida ma’lumotga ega bo‘lmasada, Norvegiya harbiy-dengiz kuchlarining tayyorgarligi oshgani o‘tgan yili “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim 2” quvurlarining buzilishi bilan bog‘liq. Chunki Norvegiya Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan keyin Yevropaga gaz yetkazib beruvchi asosiy davlatga aylangan.

“Biz Yevropaga eng yirik gaz yetkazib beruvchimiz, biz bu mas’uliyatni jiddiy qabul qilamiz”, degan Norvegiya harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni.

Mahalliy mudofaa eksperti Tom Roset esa Norvegiya quvurlarini sabotaj qilish mamlakat harbiy-dengiz kuchlari faolligining ortgani tufayli qiyinlashganini, hozirda vaziyat Moskva Norvegiyaga qarshi sabotaj qilish imkoniyatini ko‘rib chiqadigan darajada jiddiy emasligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Shimoliy dengiz suv osti kemalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing