Shifokorlarning farmatsevtika tashkilotlari bilan “hamkorligiga” chek qo‘yiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasininng “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi. Taklif etilayotgan qo‘shimchalar tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar rahbarlari va xodimlarining huquqbuzarliklar sodir etishi hamda vakolatlarini suiiste’mol qilishga undovchi usullardan foydalanishi oldini olishga qaratilgan. 

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining ma’lum qilishicha, qonun bilan tibbiyot xodimlarining kasbiy faoliyatidagi cheklovlar aniq belgilanadi. 

Tibbiy muassasalar rahbarlari va tibbiyot xodimlariga quyidagilar ta’qiqlanadi:

•    dori vositalarining savdo nomidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan, dori vositalarini ishlab chiqarish va (yoki) sotish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi tashkilotlar, dorixonalar, ularning filiallaridan hamda ularning nomidan faoliyat yurituvchi vakillar yoki boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan moliyaviy mukofotlar, moddiy va nomoddiy ko‘rinishdagi har qanday rag‘batlar olish;

•    farmatsevtika tashkilotlari hisobidan amalga oshiriladigan ko‘ngilochar tadbirlarda ishtirok etish yoki sayohat qilish;

•    farmatsevtika tashkilotlari, dorixonalar va ularning vakillari bilan dori vositalarini tayinlash yoki bemorlarga tavsiyalar berish bo‘yicha shartnomalar tuzish;

•    farmatsevtika tashkilotlari va ularning vakillaridan dori vositalari namunalari va tibbiy buyumlarni olish, shuningdek dori vositalari va tibbiy buyumlarni bemorlarga va tibbiy muassasaga tashrif qiluvchilarga berish;

•    dori vositalarini tayinlashda ushbu dori vositalari to‘g‘risida bemorlarga noaniq va (yoki) to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar berish, shuningdek tayinlanayotgan dori vositalari analoglarining muomalada mavjudligi haqidagi ma’lumotlarni yashirish;

•    farmatsevtika tashkilotlari vakillari bilan tibbiy muassasa hududida, shuningdek kasbiy faoliyatini amalga oshirishda uchrashish;

•    O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanmagan retsept blankalarida retsept yozish va berish.

Hujjatda qo‘shimcha qilingan tushuntirish xatida aytilishicha, taklif etilayotgan qo‘shimchani kiritish shifokorlar tomonidan dori vositalarini nooqilona tayinlash hamda manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarining oldini olishga hamda shifokorlar va farmatsevtlar tomonidan dori vositalarini to‘g‘ri tayinlash va qo‘llash qoidalariga rioya etilishini ta’minlanishiga olib keladi.


Maqola muallifi

Teglar

farmatsevtika

Baholaganlar

248

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing