O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari maxsus tizimda ro‘yxatdan o‘tkaziladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yagona elektron reyestr shakllantiriladi. Bu haqda bugun, 4 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda uzluksiz kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimotida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini ta’minlash maqsadida mutaxassislarning bilim va amaliy tayyorgarligini mustaqil baholash tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yagona elektron reyestr shakllantiriladi. U 16 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilinib, mutaxassisning ta’limi, malakasi va kasbiy faoliyatiga oid ma’lumotlarni bir joyda jamlash imkonini beradi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tishni 2027 yildan ixtiyoriy, 2030 yildan esa majburiy tartibda joriy etish taklif qilinmoqda. Keyinchalik davlat ro‘yxatidan o‘tmagan mutaxassis tibbiy yoki farmatsevtik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi.

Baholash bosqichma-bosqich – fundamental va klinik fanlar, keyin esa mutaxassislik bo‘yicha amalga oshiriladi. Buning uchun yagona test va topshiriqlar banki, zamonaviy simulyatsion bazalar tashkil etiladi. Imtihondan o‘ta olmagan mutaxassislarga qayta topshirish imkoniyati beriladi.

Yangi tizimga ixtiyoriy ravishda ertaroq kirgan xodimlarni rag‘batlantirish ham nazarda tutilgan. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, davlat ro‘yxatiga kiritilgan oliy ma’lumotli shifokor va farmatsevtika xodimlariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga 2,5 baravarigacha ustama to‘lash taklif etilgan.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va mutaxassislar malakasini baholash ishlarini tashkil etish uchun alohida markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing