Shifokorlar tug‘ilish paytida chaqaloqning qo‘lini uzib yubordi

Olam

image

Hindistonning Xaryana shtatida shifokorlar tug‘uruq jarayonida chaqaloqning qo‘lini uzib yubordi. Bu haqda “The Times of India” xabar berdi.

Hodisa joriy yilning 30 iyulida yuz bergan, ammo Hindistondagi mahalliy nashrlar bu haqda kechroq xabar bergan. “The Times of India” nashriga ko‘ra, ushbu voqea hududiy inson huquqlari komissiyasi e’tiborini tortgan. 

Ma’lum qilinishicha, yangi tug‘ilgan chaqaloq tibbiyot xodimlarining beparvo va rahmsiz muomalasi oqibatida jarohat olgan. Chaqaloqning oila a’zolari holat bo‘yicha shifokorlardan izoh so‘raganda, shifokorlar jabrlangan oilani haqorat qilib, shifoxonadan chiqarib yuborgan. Keyinchalik chaqaloq boshqa shifoxonaga yuborilgan.

Xaryana inson huquqlari komissiyasi bu hodisani Hindiston Konstitutsiyasining 21-moddasida (Hayot va shaxsiy erkinlik huquqi) kafolatlangan hayot va sog‘liq huquqining qo‘pol buzilishi, deya baholagan. Bundan tashqari, komissiya fikricha, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 6- va 19-moddalari ham buzilgan.

Ma’lumot uchun, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bolalarning hayoti, xavfsizligi va rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha davlatlarning majburiyatlarini belgilaydi. Uning 6-moddasiga ko‘ra, har bir bola tug‘ilgan ondan boshlab yashash huquqiga ega. Davlatlar bolalarning hayotini himoya qilish, sog‘lig‘ini saqlash va ularning to‘laqonli jismoniy, aqliy hamda ijtimoiy rivojlanishini ta’minlash uchun barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishi shart.

19-moddaga ko‘ra, davlatlar bolalarni har qanday jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik, e’tiborsizlik, ekspluatatsiya, yomon muomala va suiiste’mollikdan himoya qilishga majbur. Buning uchun qonunchilik, ma’muriy boshqaruv, ijtimoiy xizmatlar va tarbiyaviy chora-tadbirlar orqali profilaktika va himoya tizimini yaratish talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada shifokor bemorning chap oyog‘ini kesish o‘rniga ikkala oyog‘ini ham kesib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgani uchun 4 yil ozodlikdan mahrum qilingandi. Shifokor Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya markazining Farg‘ona filialidagi xirurgiya bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.


Maqola muallifi

Teglar

chaqaloq Hindiston Xar'yana

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing