Shermatov matbuotning dushmanimi?
Jamiyat
−
18 mart 2019
8202Ma’lumki, 2018 yildan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari va rahbarlarining respublika nashrlariga majburiy obuna qilinishiga chek qo‘yildi. Bu esa gazeta va jurnallarning adadi keskin pasayib ketishiga olib keldi. Oqibatda o‘qituvchilar, ta’lim-tarbiyaga mas’ul kishilarning ko‘p qismi ixtiyoriy ravishda gazeta o‘qishni yig‘ishtirib qo‘ydi. Bunda OAV, xususan, aynan majburiy obuna ortidan kun ko‘rgan gazeta va jurnallar rahbariyatidan tortib, xodimlarigacha Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovni aybladi. Shermatov kuni kecha Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi rahbar xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu e’tirozlarga munosabat bildirgan. Bu haqda “Xalq so‘zi” yozmoqda.
“Maktablarda majburiy obunani cheklash borasidagi ishlarimizni noto‘g‘ri talqin qilayotgan, meni gazeta o‘qimaydigan, matbuotning dushmaniga aylantirib qo‘ygan turli xabarlarni eshityapman. Shaxsan mening ish stolimda har kuni gazetalar turadi. Ertalab ishimni “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka” va boshqa gazetalarni o‘qishdan boshlayman. Bu targ‘ibotni boshqacha talqin qilish noto‘g‘ri, deb o‘ylayman”, deydi Sherzod Shermatov.
Uchrashuvda xalqaro ta’lim tizimlari va tadqiqotlari bosqichma-bosqich joriy etilishi hamda iqtidorli bolalarni tarbiyalash uchun Prezident maktablari tashkil etilishi haqida ma’lumot berilgan. Shuningdek, 2019 yil davomida “O‘qituvchilar maqomi to‘g‘risida” Qonun qabul qilinishi kutilayotgani aytib o‘tilgan.
LiveBarchasi