Shermatov 80 ming ortiqcha o‘qituvchi haqidagi fikriga izoh berdi
Jamiyat
−
17 yanvar 2021
11416Avvalroq, O‘zbekiston Xalq ta’limi va’ziri Sherzod Shermatov sohada yarim million o‘qituvchilar bo‘lib, ular mavjud stavkalar soniga qaraganda 80 mingga ko‘p deb ma’lumot bergandi. Vazir Shermatov o‘zining aytganlariga qo‘shimcha izoh berdi.
“Maktablarda aynan malakali o‘qituvchilarga talab juda yuqori. Lekin ushbu grafikda ko‘rishingiz mumkinki, atigi 3 foiz o‘qituvchi oliy toifaga, 11 foizi esa birinchi toifaga ega, ya’ni umumiy 14 foizi o‘qituvchini yashil kategoriyaga ajratsa bo‘ladi. Bular nafaqat maktab direktori tomonidan e’zozda, balki ota-onalar ham aynan shunday malakali o‘qituvchilarni repetitor sifatida qo‘shimcha dars berishga ko‘ndirishga harakat qilishadi”, deydi Shermatov.
Unga ko‘ra, avval aytilgan qizil kategoriyadagi maktablarga borilsa, aksariyatida umuman oliy toifali o‘qituvchi yo‘q ekani ko‘rinadi. Aksincha, yashil kategoriyadagi maktablarda oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ham nisbatan ko‘proq bo‘lib chiqadi.
“Endi, quyiroqdagi grafikka e’tibor bersangiz, yashil kategoriyali o‘qituvchilar pedstavkaga nisbatan ko‘p emas, aksincha, joylarda ularga talab juda yuqori. Qizil kategoriyadagi, ya’ni toifasiz o‘qituvchilar orasida va umuman oliy ta’limda o‘qimagan o‘qituvchilar orasida aynan bir o‘qituvchi o‘rnida bir necha o‘qituvchi ishlayotgani grafikdan yaqqol ko‘rinadi. Buning natijasida ularning haqiqatda olayotgan oyligi ham anchagina kamayadi. Ushbu qizil kategoriyadagi o‘qituvchilar umumiy o‘qituvchilarning yarmidan ko‘pini tashkil etadi. 80 ming o‘qituvchi ko‘proq deyilgani ham aynan ushbu qizil kategoriyadagi o‘qituvchilar orasidadir”, deya aniqlik kiritgan amaldor.
Shu sababli, vazir qizil kategoriyadagi o‘qituvchilardan ko‘proq o‘z ustilarida ishlab, o‘z fanlarini chuqurroq o‘rganib, navbatdan tashqari malaka toifa imtihonlaridan o‘tib, o‘z toifalarini oshirishlarini so‘ragan. Shu orqali ularning oylik maoshlari ham oshadi.
Ta’kidlanishicha, toifasiz o‘qituvchi va oliy toifali o‘qituvchi oyligi orasidagi farq ham anchagina, shuningdek, yuqori toifali o‘qituvchidan soat ortib qolsagina pastroq toifa o‘qituvchiga beriladigan tartib joriy etilmoqda. Bu esa malakali o‘qituvchining oyligi yana oshishiga yordam beradi. Bundan buyog‘iga ham oylik oshirish bo‘yicha siyosat yuqori malakali o‘qituvchi bilan toifasiz o‘qituvchi oyligi orasidagi farqni oshirishga qaratiladi.
O‘qituvchi boshqa tumanga ishlash uchun borganiga 50 foiz, boshqa viloyatga borganiga esa 100 foiz qo‘shimcha to‘lanishi ham faqat oliy va birinchi toifali o‘qituvchilarga taalluqli bo‘lgani ham bunday kadrlarga qo‘shimcha stimul bo‘lishi uchun qilingan.
“O‘qituvchining o‘z kasbini hamda bolalarni sevishi, o‘z malakasini doimiy oshirib borishi eng muhim masaladir va qolgan tashqi faktorlar ikkilamchi. Masalan, yaqinda Bulung‘ur tumanidagi 2 ta to‘q qizil kategoriyadagi maktablarga tashrifimiz chog‘ida shunga guvoh bo‘ldikki, avvalo, ularning moddiy texnik holati o‘sha tumandagi yashil maktabnikidan yaxshiroq ekani, hamda qizil maktablar bitiruv sinflaridagi o‘quvchilari soni 15,16 va 19 nafarni tashkil etgani va aksincha yashil maktabda o‘quvchilar soni sinfda bundan ancha ko‘p bo‘lgan.
Uch-to‘rt yil avval bunday talab qo‘yib bo‘lmas edi, chunki o‘qituvchi o‘zining ishidan boshqa barcha ish bilan shug‘ullanar, hamda qog‘ozbozlikka ko‘milgan edi. Hozir esa o‘qituvchidan faqat o‘z ustida ishlash, hamda o‘quvchilarning natijaga erishishlariga harakat qilish talab etiladi. Hozirning o‘zidayoq, darhol qizil kategoriyadagi o‘qituvchiga chora ko‘rilsin deb aytilgani yo‘q. Asosiy maqsadimiz ta’lim sifatini oshirishga birgalikda harakat qilish! O‘qituvchilar orasida ham sog‘lom raqobat shakllanishi barcha maktablarda ta’lim sifati oshishiga yordam beradi”, deydi Shermatov.
Vazir so‘zi so‘nggida Oliy va birinchi toifani Xalq ta’limi vazirligi emas, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi alohida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi imtihonlar asosida taqdim etishini eslatib o‘tgan.
LiveBarchasi