Bu so‘z erkinligiga bosim o‘tkazishning gibrid shakli – Blogerlar Allamjonovga e’tiroz bilan chiqdi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, bugun, 14 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov bayonot bilan chiqib, OAV blogerlarni ogohlantirgan edi.

Allamjonov o‘z bayonotida bundan buyon har bir OAV, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlardagi guruhlar moderatorlari nafaqat o‘zlari yozgan ma’lumotlarda, balki ular ostidagi fuqarolar, feyk akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzg‘unchi sharhlar, haqoratli so‘zlar, tahqirlashlar, yolg‘on izohlar uchun ham qonunda belgilangan tartib asosida javobgar bo‘lishlarini eslatib o‘tdi. OAV va blogerlardan qonunchilikdan kelib chiqqan holda bunday ma’lumotlarni o‘tkazmaslik yoki sahifa ostida yozilgan izoh bo‘lsa, uni zudlik bilan o‘chirib tashlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishni so‘ragan. 

Allamjonovning ushbu bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda, blogerlar orasida va OAVda ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqarmoqda. Bunga zudlik bilan blogerlar aks sado berdi. Xususan, bloger Muhrim o‘zining Telegram’dagi kanalida shunday yozadi: 

“Deylik, davlat organida ishlovchi vijdonsiz bir xodim meni yomon ko‘radi va meni qamatmoqchi. Feyk akkaunt ochadi-da, blogimdagi postlar ostida davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzg‘unchi sharhlar, haqoratli so‘zlar, tahqirlashlar, yolg‘on izohlar yozib ketadi. Yarim tunda. Yarim tunda esa men uxlab yotganim uchun bu kommentlarni ko‘rmay qolaman, ko‘rmaganimdan so‘ng o‘chirishga ham ulgurmayman. O‘sha vijdonsiz xodim skrinshotlar olib, bemalol menga qarshi ish ocha oladi. O‘sha qonunda belgilangan tartib asosida.

Shunday ekan, birovni yemagan somsasi uchun haq to‘lashga majbur qiladigan qonun – bo‘lmag‘ur qonun. Biror tayinli xalqaro tashkilotga ekspertizaga berilsa, o‘sha qonunni ham “OAV to‘g‘risida”gi qonunimiz kabi bir tiyinga qimmat deb baholab beradi. Har burchakdan “so‘z erkinligi, so‘z erkinligi!” deb jar solyapmizu, lekin “kommentatorning yozgani uchun sayt egasi, bloger, admin javob beradi!” degan mana bunaqa signallar – juda noxush va yoqimsiz. Istak bo‘lsa, har qanday anonim va feykning ortidagi odamni topsa bo‘ladi”. 

Telegram va Facebook`da taniqli bloger Umid Gafurov esa shunday yozadi: 

“O‘zinga yoqmagan bloger bormi? Feyk akkaunt ochasan (axir sen buning ustasisan), yomon izoh qoldirasan, skreyen qilib, blogerni qamatasan.

Toshkentda ba’zi joylarda tuman”.

Gafurov Allamjonovning aytganlarini yana bir bor muhokamaga qo‘ydi. Uning ikkinchi posti birinchisidan o‘tib tushdi. Endi u barcha amaldorlarga yuzlandi. 

“Menga shu qiziq, agar men dollarning aqlbovar qilmas kursi, past oylik maoshlar, qimmat kommunal to‘lovlar, Venesueladagi inflyatsiya va BAAdagi benzin narxi haqida yozsam...

Yuqoridagilar bunday postlarga favqulodda adekvat izohlar qoldiradi deb, o‘ylaydimi? Amaldorlar bulg‘aydi, xalqning g‘azabiga esa biz javob beramizmi?”, deb yozadi bloger. 

Bloger Feruzxon esa Allamjonovning videomurojaatiga videojavob yo‘lladi. U shunday deydi: 

“Xayrli tong. Erta tongdan barcha jurnalist va blogerlarning “otasi”, himoyachisi, hurmatli Komil Allamjonovdan qoyilmaqom yangilik bo‘ldi. U Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidagi yig‘ilishda yana bir bor axborotning ishonchliligi, yolg‘on xabarlar, shaxslarning haqorat qilinishi uchun javobgarlik borligini eslatib qo‘yibdi. Hammasi to‘g‘ri. Lekin 3 daqiqa 50 soniyali videoni ko‘rsangiz, unda biz va OAV xabarlardagi izohlar uchun ham javobgarligimiz aytilgan.

Shu munosabat bilan “Hammasi ajoyib bo‘ldi Komil Ismoilovich. Liberalizm, demokratiya va so‘z erkinligining ikki oylik g‘alabasi qoyilmaqom edi va boshqalar. Biroq, o‘ylashimcha, nazoratni kuchaytirib, biror masala yuzasidan yozayotganda, odamlarda ahmoqona fikrlar tug‘ilmasligi to‘g‘risida band qo‘shish kerak. Agarda shunday bo‘lsa, tegishli idoralarga xabar berib, unga qonun doirasida chora ko‘rilishini yo‘lga qo‘yish kerak. Faqatgina nega boshqalar so‘z erkinligidan foydalangani uchun yangilikni yozgan odam javob berishi kerakligini tushunmayapman. Bu menimcha, so‘z erkinligiga bosim o‘tkazishning gibrid shakli. Ya’ni, biz hech kimni jim qilmaymiz. Mayli xohlaganini aytsin, lekin javob bersin. Kimni qo‘lga tushirolmasak. Ular uchun siz javob berasiz. Bu darajadagi so‘z erkinligi uchun rahmat. 

Yaxshisi men sharq tarixi, fransuzlarning qanday yashashi, ona Vatanimning tabiati haqida gapiraman. Bu to‘g‘ri va xavfsiz bo‘ladi. Hammasi joyida bo‘ladi va asosiysi erkin bir odamning o‘z fikrlarini tegishli bo‘lmagan shaklda bayon qilgani uchun qonunga ko‘ra javob berishim kerak bo‘lmaydi. Meni boshqa birovning fikri uchun javobgarlikka tortadigan qonun nega kerak? Mayli, bular muhim emas. Rahmat, bu ajoyib edi. So‘z erkinligidan mantiqlilikka erishish uchun kurashga kirishamiz. U yerda g‘alaba qildik, bu yerda ham g‘olib bo‘lamiz”.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, Xorazm viloyati hokimi  Farhod Ermanov, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ermanov oxirgi haftada ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan amaldorlar bo‘lgan edi. OAK direktorining ertalabki bayonoti yaqin 10 kunlikning eng ko‘p muhokama qilingan mavzusi bo‘lsa ajabmas. Kuzatishda davom etamiz!
 


Maqola muallifi

Teglar

Komiljon Allamjonov

Baholaganlar

86

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing