Shifokor tayyorlovchi yangi OTM ochiladi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Qoraqalpoq tibbiyot instituti tashkil etish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali negizida Qoraqalpoq tibbiyot institutini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinishi mumkin.

Quyidagilar Qoraqalpoq tibbiyot instituti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

zamonaviy talablarga mos keladigan va hozirgi zamon tibbiyotining ilg‘or texnologiyalarini egallagan yuqori malakali tibbiyot kadrlari va ilmiy mutaxassislarini tayyorlash;

respublikaning oliy tibbiyot ta’limi tizimida tibbiyot sohasi bo‘yicha o‘quv jarayonini tashkil etishda zamonaviy ta’lim texnologiyalari asosida axborot va multimedia uskunalaridan foydalangan holda ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish;

oliy ta’limning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy ta’lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish;

kasalliklarini erta aniqlash va davolashda tibbiyot sohalaridagi ilg‘or yutuqlardan foydalangan holda fundamental, innovatsion, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish;

aholiga tibbiyot sohasida yuqori malakali davolash-profilaktika yordamini ko‘rsatgan holda kasalliklar diagnostikasi, profilaktikasi va ularni davolashning ilg‘or innovatsion usullarini tatbiq etish;

ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bog‘liqligini ta’minlash;

talaba-yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

Qoraqalpoq tibbiyot institutini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshiradi, ustav hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek institutning to‘laqonli faoliyat yuritishni ta’minlash borasidagi boshqa tashkiliy masalalarni hal etadi;

Qoraqalpoq tibbiyot instituti rahbar va professor-o‘qituvchilar tarkibini tibbiyot sohasida amaliy ish tajribasiga ega, o‘qitish va ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazishning zamonaviy usullarini faol qo‘llaydigan yuqori malakali tashabbuskor kadrlar bilan ta’minlaydi;

ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olib, zamonaviy ta’lim texnologiyalari, eng yangi axborot va o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalarini joriy etish va ulardan keng foydalanish asosida o‘quv rejalari va dasturlarini yangilagan holda, 2020/2021 o‘quv yilidan kredit modul tizimi asosida o‘quv jarayonini tashkil qiladi;

xorijiy mashhur mutaxassis va olimlarni institutda ishlashga va dars berishga jalb qilish, stajirovkalarni tashkil etish va mutaxassislarni tayyorlash, birgalikda o‘quv va tadqiqot dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsin va joriy etadi;

Qoraqalpoq tibbiyot institutini Nukus shahri, A.Dosnazarov ko‘chasi, 104 va 108-uylarda joylashishini ta’minlaydi;

2021 yildan institutning 300 o‘rinli yotoqxona qurilishini boshlash uchun moliyalash manbalari, jumladan grantlar, imtiyozli xorijiy kreditlar va boshqa byudjetdan tashqari mablag‘larni belgilagan holda joriy yilning oxirigacha zarur loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni nazarda tutadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'iston tibbiyot instituti

Baholaganlar

32

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing