Senatda Tramp ustidan sud boshlandi
Olam
−
22 yanvar 2020
9069AQSH Senati mamlakat Prezidenti Donald Trampning impichmenti bo‘yicha eshituvni boshladi. Bu AQSH tarixidagi uchinchi Prezident impichmenti bo‘lishi mumkin.
Kongressning Vakillar palatasi Trampga qarshi ilgari surgan ayblovining asosliligini aniqlash bo‘yicha Senatda boshlangan sud jarayonining birinchi yig‘ilishi deyarli natijasiz yakunlandi. Eshituv to‘qqiz soat davom etdi va unda to‘rtta tuzatish kiritildi.
Prezident siyosiy raqiblarining (Demokratlar partiyasi) tashabbusi Ukraina bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqishga qaratilgandi. Ammo ovoz berish jarayonida ular qaytarib yuborildi. Senat spikeri Mitch Makkonnell natijalarni ma’lum qildi.
“Palata avval ham ko‘rsatma bergan guvohlarni tinglash bo‘yicha so‘rovni bekor qildi. Men avval ham aytganimdek, hech kim AQSH senatorlariga bu ishni qanday ko‘rib chiqishni aytib turmaydi”, degan Makkonnell.
Senatda yuz berayotgan sud majlisida Vakillar palatasi qoralovchi tomon vazifasini bajaryapti. Endilikda Prezidentning himoyachilari o‘z ishini bajaradi, shundan so‘ng, qasamyod qilgan sudya vazifasidagi senatorlar har ikki tomonga ham savol berishi mumkin bo‘ladi.
AQSH Prezidenti advokati Pat Chipollone himoyachi tomonning dalillari bilan tanishgach, senatorlar Tramp qonunga zid hech nima qilmagani haqida yakdil qarorga kelishini aytib o‘tdi.
Demokratik partiya vakili va partiyaning Senatdagi yetakchisi, senator Chak Shumer yuqori palata ishiga nisbatan keskin fikrlar bildirdi.
“Biz guvohi bo‘layotgan voqealar spiker Makkonnell va Prezidentning sherikligidan boshqa narsa emas. Ular birgalikda Trampning nojo‘ya ishlarini yashirmoqchi. Rezolyutsiya Senatda emas, Oq uy aytganidek yozilgani ham kundek ravshan”, degan Shumer.
Eslatib o‘tamiz, Tramp mansab vakolatidan chetga chiqish va Kongressning surishtiruviga g‘ov bo‘lishda ayblanyapti. Prezidentning o‘zi esa unga e’lon qilingan impichmentni fitna va to‘qima ekanini iddao qilyapti. Uning aybini tasdiqlash va lavozimidan chetlatish uchun 67 nafar senatorning ovozi kerak bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Kongress yuqori palatasining sud majlisi AQSH prezidentligi uchun saylovlarda ovoz berishga 9 oydan ko‘proq vaqt qolganda boshlandi. Impichment hujjatlari bundan bir hafta avval Senatga yuborilgandi.
LiveBarchasi