Ancha-ancha xatolar bo‘ldi – Prezident

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 31 avgust kuni Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda xalq bilan muloqot qilish, ularning dardi va tashvishlariga quloq tutish va muammolariga yechim topish masalalariga alohida to‘xtaldi. Davlat rahbari avvalgi boshqaruv tizimi va unda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarga ishora qilarkan, “endi xalqimiz bu xatolarni kechirmaydi”, deydi. 

“Yetti o‘lchab, bir kesadigan siyosat olib bormasak, endi xalqimiz bizning xatolarimizni kechirmaydi. Nimaga desangiz, ancha-ancha xatolar bo‘ldi. Men nima uchun muloqotdan boshladim? Xalq bilan bamaslahat qilingan reja, albatta, barqaror bo‘ladi. Oldimizda hali murakkab vazifalar turibdi, juda murakkab. Biz birinchi qadamni qo‘ydik, bu qadam to‘g‘riligiga inondik. Lekin buni amalga oshirish uchun juda katta kuch, qudrat, jipslik kerak. Vatanni sevgan odam hamma narsaga qodir. Vatanparvarlikni, vatanni sevishni yoshlarga inontira olsak, bizning kelajagimiz, albatta, buyuk bo‘ladi. Men bunga ishonaman”, deydi Shavkat Mirziyoyev g‘ayrat bilan. 

Ma’lumki, O‘zbekiston o‘tgan uch yilda ochiqlik va oshkoralik siyosatini tanladi. Ko‘p yillar qog‘ozda bo‘lib kelgan demokratik o‘zgarishlar hayotga ko‘chdi. Odamlar hayotida o‘z ifodasini topa boshladi. Buni esa butun dunyo kuzatib turibdi, olqishlamoqda. Prezident muammolarni yechish, demokratik islohotlarni rivojlantirishda OAVning ochiqligiga e’tibor qaratganini aytadi.

“O‘zbekistondagi xalqaro tashkilot – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchilari ko‘rib turibdi, demokratik rivojlantirish deganda, ommaviy axborot vositalarining ochiqligiga imkon yaratyapmiz. Oynai jahon orqali yaxshi narsalarni emas, 50% kamchiliklarni ko‘rsatyapti. Biz to‘g‘ri yo‘lda ekanimizga inonaman, ishonaman. Bundan boshqa yo‘l yo‘q. Hozir to‘g‘ri gapirsak, ochiq gapirsak, kamchiligimiz bormi, odamlarimizga bugun qilolmaymiz, ertaga qilib beramiz, biz bilamiz, biz eshitdik, lekin buni ertaga qila olamiz yoki bugun qila olamiz, deb to‘g‘ri gapiryapman”, deydi Mirziyoyev. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

121

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing