O‘zbekistonda Facebook’ga yana taqiq o‘rnatildimi?
Olam
−
08 iyul 2020
10805So‘nggi kunlarda o‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari Facebook ijtimoiy tarmog‘i faoliyatida qator uzilishlar kuzatilayotgani, uni ishlatish qiyinlashgani, ayrimlar qo‘l telefonidan, boshqalar esa kompyuteridagi internetdan ushbu sahifaga kira olmayotgani haqida shikoyat qilmoqda. Ular orasida “O‘zbekistonda yana Facebook kabi tarmoqlarga kirish yopib qo‘yildimi”, degan savolni o‘rtaga tashlayotganlar ham yo‘q emas. “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi Matbuot kotibi Azamat Akobirov bunga aniqlik kiritdi. Jumladan u shunday deydi:
“So‘nggi bir necha kun ichida ijtimoiy tarmoqlarda Facebook’ning yomon ishlayotgani muhokama qilinmoqda. Bir qancha OAV vakillari mendan ushbu holatga o‘z munosabatimni bildirishimni so‘radilar.
Shuni ta’kidlashni istardimki, "O‘zkomnazorat" DUK aloqa xizmatlari sifati ustidan texnik nazoratni amalga oshiradi, operatorlar va provayderlarning texnik infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi.
Turli saytlarga kirishni belgilash bizning vakolatimizga kirmaydi. Biz ularga kirish mavjud yo yo‘qligini kuzatmaymiz”, deydi Akobirov.
O‘zbekistonda Facebook va YouTube sahifalari 2018 yilning oxiri, 2019 yilning boshlarida uzib qo‘yilgan edi. Azamat Akobirov holatni izohlarkan, Facebook’ning ishlamayotganiga tarmoqdagi texnik nosozliklar sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.
“Mutaxassislarimiz ma’lumotlariga ko‘ra, internet vaqti-vaqti bilan turli saytlarga kirish imkoniyatlari o‘zgarib turadi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu vaziyatni turlicha izohlaydi: kimdir mobil tarmoq orqali erkin kira olayotgani, ajratilgan tarmoqlar orqali esa qiyinchilik bilan kirishayotganini aytsa, boshqalarda esa aksincha. Va yana kimdir kirishda hech qanday muammoga duch kelmaganini ochiqlaydi.
Umuman olganda, Facebook’dan foydalanishda ommaviy cheklov borligini aytishga hech qanday asos yo‘q. Ehtimol, u yoki bu provayder, operatorning uskunalarini modernizatsiya qilishi yoki profilaktikasi bilan bog‘liqdir”, deydi Akobirov.
LiveBarchasi