Erdo‘g‘anning oilasiga tahdid: Turkiyada ijtimoiy tarmoqlar yopiladi
Olam
−
06 iyul 2020
16442Turkiyada Xitoy kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha birinchi qadamlarni bosmoqda. Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an boshchiligida mamlakatda ijtimoiy tarmoqlarga qarshi kampaniya boshlanganiga esa ancha bo‘ldi.
Erdo‘g‘an oilasiga bo‘lgan haqoratdan g‘azabda
Kuni kecha Erdo‘g‘anning kuyovi – G‘aznachalik va moliya vaziri Berat Olbayroqning to‘rtinchi farzandi dunyoga kelgan. U esa o‘z sevinchini ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishgan. Oilaga minglab kuzatuvchilar yaxshi tilaklar, chaqaloqqa esa uzoq umr tilagan. Ular orasida, albatta, tanqidiy ruhdagi yoki haqoratomuz izohlar ham yo‘q emas. Shundan so‘ng, davlat rahbari mamlakatda YouTube, Twitter va NetFlix kabi ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash yuzasidan chiqish qildi. Bu haqda Rajab Toyib Erdo‘g‘an “Adolat va taraqqiyot” partiyasining navbatdagi yig‘ilishidagi nutqida gapirib o‘tgan.
“Ba’zi masalalar borki, ular haqida gapirish ham insonning qalbiga ozor beradi. Oilamiz bilan bir haftadirki shunday bir masala bilan yuzma-yuz kelyapmiz. Kuni kecha sakkizinchi nabiram Hamza Solih dunyoga keldi. Beratbey quvonchini ijtimoiy tarmoqdagilar bilan bo‘lishdi. O‘n minglab odamlar o‘z tabriklari va tilaklarini ifoda etishdi. Oz bo‘lsa-da, bir necha qalbi qoraygan, hurmatga va izzat-ikromga ega bo‘lmagan ba’zi odamlar chiroyli voqelikni haqorat bilan bulg‘ashga harakat qildi. Huquq-tartibot organlari shu ondayoq harakatni boshlab, ularning kimligini aniqladi va surishtiruv ishlarini boshladi.
Endigina dunyoga kelgan chaqaloq ortidan uning oila a’zolarining obro‘-e’tiboriga soya solmoqchi bo‘lgan bu kimsalarning ortidan tushamiz. Ular qilgan ishlari uchun qonun oldida javob beradilar. Shunga o‘xshash voqealar farqli holatlarda bundan avval ham ro‘y bergan edi.
So‘nggi yillarda bu turdagi ahloqsizliklarning ko‘payishida ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazoratning yo‘qligi ham sabab bo‘lmoqda. Biz nega YouTube, Twitter va NetFlix kabi ijtimoiy tarmoqlarga qarshi bo‘layotganimizni endi tushundingizmi? Bu kabi axloqsizliklarni yo‘q qilish uchun. Bular axloqdan emas”, deydi Erdo‘g‘an.
Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ushbu chiqishidan keyin Turkiya jamoatchiligi, huquq faollarining ovozi yanada balandroq yangray boshladi. Erdo‘g‘anning ushbu harakatlari 2023 yilda bo‘lishi kutilayotgan prezidentlik saylovi bilan bog‘lanmoqda.
Ijtimoiy tarmoqni cheklash bo‘yicha qonun ishlab chiqiladi
Erdo‘g‘an partiya vakillariga yuzlanib, ijtimoiy tarmoqlarning Turkiyada ofislari bo‘lishi kerakligi, ular ustida ma’muriy va moliyaviy nazorat lozimligini aytarkan, ijtimoiy tarmoq kompaniyalari bunga qarshiligini ma’lum qildi.
“Biz diqqat qilishimiz kerak bo‘lgan narsa, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy media kanallari qanday qilib jirkanch vositaga aylanishidir. Buni tartibga solish juda muhim. Bunday ijtimoiy tarmoqlar bu yurt, bu millatga mos emas”, deydi Prezident.
Erdo‘g‘an mazkur masalada qonun ishlab chiqib, uni parlamentga kiritish, ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazoratni kuchaytirishni taklif qildi. Davlat rahbarining fikricha, ijtimoiy tarmoq kompaniyalari boshqa mamlakatlarda yuridik va moliyaviy javobgarlikka ega, ammo Turkiyada bu javobgarlikdan qochmoqda.
“Xalqimiz oldidagi javobgarlik bu yo‘nalishning ham mexanizmlarini yaratish va uni ijro etishni talab etmoqda. Biz ijtimoiy tarmoqlar qarshisida qo‘l-oyog‘i bog‘liq holda turishni qabul qila olmaymiz. Bu masalani keng qamrovli tartibga solish ustida ishlayapmiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Ijtimoiy tarmoqlarga qarshi kapmaniya
Aslida Turkiyada ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan antipiar boshlanganiga ancha bo‘ldi. Mamlakat ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, telekanallar kunlik chiqishlarda ijtimoiy tarmoqlardagi masalalarni muhokama qilar, undagi ko‘plab voqeliklarni yolg‘onga, bo‘htonga chiqarishga urinar, hatto, qo‘l telefonlaridagi ayrim dasturlarni shaxsga daxl qiluvchi deb baholashdan tap tortmayotgan edi. Bunda esa doimiy e’tibor FETO terrorchilik tashkilotining 2016 yil 15 iyulda Turkiyada amalga oshirgan davlat to‘ntarishiga harakat oldidan rejalarni ijtimoiy tarmoqlardagi messenjerlarda tuzganiga qaratildi.
So‘z – Altunga
Ayni vaqtda mamlakatda jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarning ko‘p qismi ijtimoiy tarmoqlarning taqiqlanishiga qarshi chiqmoqda. Prezident devoni huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti rahbari Fahriddin Altun ushbu chiqishlarga nisbatan quyidagicha munosabat bildirdi:
“Bugungi kunda ba’zi ijtimoiy media platformalari fuqarolarimizning huquqlarini suiiste’mol qilmoqda. Ushbu ijtimoiy media platformalar fuqarolarimizni jinsiy zo‘rlash, odobsizlik, qimor o‘yinlari, firibgarlik, jinoyatchilikka undash, terrorchilik tashviqoti, haqoratga undamoqda. Bizning ogohlantirishimizga qaramay, mazkur platformalar shu turdagi jinoyatchiliklarga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Ular mamlakatimizda nazoratsiz foyda oladi va soliq majburiyatisiz ishlaydi.
Janob Prezident xalqimizning birligi, butunligi va manfaati uchun dunyoning barcha nuqtalarida bo‘lgani kabi tegishli huquqiy tartibga solish organlari tomonidan ishlab chiqilgan qonuniy majburiyatlar bajarilishi kerakligini yana bir bor eslatdi”, deydi Altun.
WhatsApp va Telegram yopiladi
Mahalliy matbuotning yozishicha, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar boshqarmasi zarurat tug‘ilganda WhatsApp va Telegram ommabop messenjerlarni ham o‘chirib qo‘yishi mumkin.
Boshqarma jamoat manfaatlarini hisobga olgan holda tarmoq orqali xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish, avtorizatsiya qilmasdan tarmoq orqali xizmat ko‘rsatishning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, kerak bo‘lganda Vakolatning normativ hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun operatorlarga majburiyat yuklash huquqiga ega.
Tayyorlangan qonun loyihasining diqqatga sazovor jihatlaridan biri shundaki, ommabop ijtimoiy tarmoqla Turkiyada o‘z vakolatxonalarini ochish majburiyatini oladi. Facebook, Instagram, Youtube va Twitter’ning Turkiyada ofisi yo‘q. Yangi tartibga ko‘ra, endi mamlakatda ushbu kompaniyalar vakolatxonasi bo‘lishi kerak. Agar ushbu kompaniyalar qonun qabul qilinganidan keyin 30 kun ichida vakolatxonasini ochmasa, ijtimoiy tarmoq provayderining internet-trafik o‘tkazish qobiliyati 50 foizga kamayadi va yana 30 kun muhlat beriladi. Shunda ham o‘zgarish bo‘lmasa, ushbu sahifalarga kirish butkul yopib qo‘yiladi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoq kompaniyalar ofislari AQSHda joylashgan va ular ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarga oid ma’lumotlar – ism-familiyasi, pochta manzili, telefon raqamini AQSHdagi xizmatlarga taqdim etib boradi, ammo boshqa mamlakatlar bu huquqdan mosuvo.
LiveBarchasi