Vyacheslav Volodin O‘zbekistonda! U Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashdi
Jamiyat
−
16 Sentabr 2019
5436Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keldi. Delegatsiya bugun, 16 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida parlament quyi palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashdi.
O‘zbekiston-Rossiya parlamentlararo munosabatlari kun tartibidagi qator masalalar muhokama qilingan Qonunchilik palatasidagi uchrashuvning maqsadi ikki mamlkat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan iborat bo‘lgan.
Muloqotda qayd etilganidek, O‘zbekiston jahonning turli mamlakatlari parlamentlari bilan samarali va do‘stona munosabatlarni o‘rnatilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi bilan hamkorlik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatining strategik yo‘nalishlaridan biridir. Mazkur jarayonda barcha darajada, xususan parlamentlar rahbarlarining o‘zaro tashrif va uchrashuvlarini tashkillashtirish muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Uchrashuvda yuqori martabali mehmonga Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuzasidan qisqacha ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasi yaqin qo‘shni, do‘st va ishonchli hamkor sifatida ko‘riladi. O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar vaqt sinovidan o‘tgan mustahkam do‘stlik asosida rivojlanmoqda.
Ta’kidlanganidek, Rossiya O‘zbekistonning eng muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Davlatlar tomonidan barcha sohalarda faol hamkorlikni amalga oshirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bunda ikki davlat rahbarlarining turli darajadagi uchrashuvlaridagi izchillik muhim ahamiyat kasb etadi.
Muloqot chog‘ida yuqori martabali mehmonga mamlakat parlamenti, jumladan, Oliy Majlis quyi palatasining qonunchilik faoliyati, qonun ijodkorligi, qo‘mita va fraksiyalarning ish uslublari, shuningdek, parlamentarizm sohasidagi yangiliklar to‘g‘risida so‘zlab berildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarning kengayishi, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, madaniy-ma’rifiy va boshqa sohalardagi aloqalar ko‘lamini yanada kengaytirish borasida ham fikr almashildi.
Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin samimiy qabul va suhbat uchun minnatdorlik bildirib, konstruktiv muloqotning kelgusida ham izchil davom ettirilishida o‘zaro manfaatlilik, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlanishida parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash, bu yo‘nalishdagi hamkorlikni kuchaytirish muhim ekanini ta’kidladi.
Muzokaralar yakunida Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik haqidagi kelishuvni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Konstruktiv, o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash zaruriyati mavjudligini qayd etdilar.
O‘z navbatida, Rossiya parlamentariylariga O‘zbekiston Respublikasida navbatdagi parlament saylovlarini kuzatuvchi sifatida ishtirok etish bo‘yicha taklifnomalar taqdim qilindi.
LiveBarchasi