Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashidagi chiqishini onlayn-tomosha qiling

Jamiyat 3931

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 22 fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining yuqori darajadagi segmenti ishida ishtirok etadi. O‘zbekiston rahbari unda o‘zbek tilida nutq so‘zlaydi.

Davlat rahbari o‘z nutqida mamlakatda demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengash doirasidagi ishlarning asosiy vazifalariga batafsil to‘xtaladi.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash faoliyati butun dunyo bo‘ylab inson huquqlari himoyasini ta’minlashga qaratilgan BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri hisoblanadi.

Kengashga 47 ta davlat a’zo. O‘tgan yil oktyabr oyida mamlakat 2021-2023 yillar davriga ushbu tuzilma a’zosi etib ilk bor saylandi.

Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan kengashning navbatdagi yig‘ilishi Jeneva shahrida videoanjuman shaklida o‘tkaziladi.

Yig‘ilish kun tartibidan inson huquqlariga rioya etilishi va ularni himoya qilish, shu jumladan fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlash bilan bog‘liq eng dolzarb masalalar o‘rin olgan.

Tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Mishel Bachelet, qariyb 150 mamlakatdan davlat, hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari va yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 65
Reyting: 3
Teglar
BMT
t
×