Shavkat Mirziyoyev Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 7 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda yettinchi Global kinologiya forumida ishtirok etish doirasida mamlakatda bo‘lib turgan Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Yan Sondersni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish, bojxona organlarining salohiyatini mustahkamlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Tashkilot ko‘magida O‘zbekiston savdoni yengillashtirish sohasidagi qator xalqaro konvensiyalarga qo‘shilgani, zamonaviy bojxona nazorati mexanizmlari joriy etilib, Bojxona xizmati faoliyatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgani va qabul qilingani qayd etilgan.

O‘zbekistonda bojxona sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida bugungi kunda eksport yuklarining 94 foizi va import yuklarining 87 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Deklaratsiyalarni rasmiylashtirish vaqti 20 daqiqagacha qisqartirilgan.

Bojxona organlarining tadbirkorlik sub’ektlari bilan samarali hamkorligini ta’minlaydigan raqamli yechimlar faol joriy etilmoqda, ma’muriy to‘siqlar qisqartirilib, korrupsiyaviy xavflar kamaytirilmoqda.

Uchrashuvda bojxona tartib-taomillarini yanada raqamlashtirish va uyg‘unlashtirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda kadrlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga tayyorlash doirasida ushbu masalalarning dolzarbligi ta’kidlangan.

Yakunda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing