Shavkat Mirziyoyev Yaponiyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 18 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan Tokio shahriga borgan Prezident Shavkat Mirziyoyevni Yaponiyada mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar qizg‘in kutib oldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari ular bilan suhbatlashdi.

“Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yurtdoshlarimizning orzu-umidlari, maqsad va rejalari haqida ochiq va samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz vatandoshlarimizga ishi va o‘qishida muvaffaqiyatlar tilab, ular kunchiqar yurtda orttirgan bilim va tajribalar Vatanimiz taraqqiyoti hamda xalqimiz farovonligiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi”, deyiladi xabarda. 

Tashrifning asosiy tadbirlari 19-20 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya Imperatori Naruxito, Bosh vaziri Sanae Takaichi va boshqa rasmiylar, ishbilarmon doiralar hamda akademik hamjamiyat vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Tokioda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqoti davlat rahbarlarining birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston yetakchisi sammitda ishtirok etadi. Tadbir doirasida “yashil iqtisodiyot” va barqaror taraqqiyot, o‘zaro bog‘liqlik va mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash hamda inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi. Sammit yakunlari bo‘yicha Tokio deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

Sammit dastlab 2024 yil avgust oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo Yaponiyada Tinch okeani sohilida mega zilzila xavfi yuzaga kelishi munosabati bilan favqulodda tayyorgarliklar sabab bekor qilingan edi.

Yaponiya ushbu sammit orqali Markaziy Osiyo bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilgan. Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, savdo va investitsiya imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Yapon rasmiylari ushbu tadbirni global davlatlarning mintaqaga ta’sirini muvozanatlash imkoniyati sifatida ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kecha, 17 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan Yaponiyaga yetib borgandi. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon esa bugun, 18 dekabr kuni Yaponiyaga yetib bordi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Yaponiya Tokio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing