Shavkat Mirziyoyev Yaponiya moliya institutlari rahbarlarini qabul qildi
Jamiyat
−
16:17 599 2 daqiqa
Bugun, 19 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tokioga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchisi Nobumitsu Xayasi bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Yaponiyaning ushbu yetakchi moliya instituti bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Keyingi yillarda strategik sheriklikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Loyihalar doirasida mablag‘larni o‘zlashtirish sur’ati sezilarli darajada o‘sdi.
Loyihalar portfeli 8 milliard dollardan oshdi. Sog‘liqni saqlash, energetika, transport, ta’lim, sanoat va boshqa ustuvor sohalarda yana 3 milliard dollardan ortiq qiymatga ega tashabbuslar ishlab chiqilmoqda. Tashrif doirasida iqtisodiy zonalar, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, transport sohalarini rivojlantirish hamda tibbiy uskunalar yetkazib berish bo‘yicha yangi kelishuvlar imzolandi.
Yaponiya tomoni qo‘shma Inson resurslarini rivojlantirish markazi va Yoshlar innovatsiya markazi faoliyatini ko‘p yillardan buyon qo‘llab-quvvatlab kelayotgani yuqori baholandi. Agentlikning energetika sektorini rivojlantirish, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlash va kambag‘allikka qarshi kurashish, ilg‘or muhandislik kadrlarini tayyorlash hamda “Bir qishloq – bitta mahsulot” loyihasi ko‘lamini oshirishdagi ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar Yaponiya investorlari uchun maxsus iqtisodiy zona barpo etish loyihasini tez fursatlarda ishga tushirishga tayyor ekanini bildirdi. Uchrashuv yakunida davlat rahbari JICA bilan 2030 yilga qadar Yangi hamkorlik dasturi doirasidagi loyihalarni o‘z vaqtida tayyorlash va ularning natijalari barqaror bo‘lishini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchisi Nobumitsu Xayasi bilan uchrashuvda ham mazkur yetakchi moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Keyingi yillarda bank bilan hamkorlikdagi ijobiy sur’at mamnuniyat bilan qayd etildi. Loyihalarning umumiy portfeli 5 milliard dollardan oshgan hamda neft-kimyo, energetika, telekommunikatsiyalar, infratuzilma, yengil sanoat va boshqa sohalarni qamrab olgan.

Energetika, transport, AT infratuzilmasini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod yangi loyihalarni sifatli tayyorlash hamda boshlanganlarining natijadorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Ijtimoiy sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga hamda xususiy sektorni rivojlantirishga investitsiyalarni kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, boshqaruvchi Nobumitsu Xayasi sheriklik natijalarini yuqori baholadi va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Live
Barchasi