Shavkat Mirziyoyev yangi qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 noyabr kuni  "Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalar uchun zamonaviy, yuqori texnologik, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida hamda 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq:

1. Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan birlamchi tibbiy yordam hajmini kengaytirish va sifatini oshirish;

ayollar va bolalarga malakali, ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;

homilador ayollar va bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatadigan muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, ularning binolarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va yangilarini qurish;

nogironligi bo‘lgan bolalarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish va sog‘lomlashtirish, ularning jamiyat hayotida ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

zamonaviy talablarga javob bera oladigan va ilg‘or texnologiyalarni egallagan yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish orqali reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar hamda bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash;

sog‘lom farzandlarning tug‘ilishi, rivojlanishi va tarbiyasi masalalari bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish.

2. 2019-2023 yillarda reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash) 2-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.

4. Kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar va chora-tadbirlarning har bir viloyatda, tumanda (shaharda) amalga oshirilishini hamda mas’ullar tomonidan ularning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash;

aholi, eng avvalo, yoshlar orasida tibbiyot va ta’lim muassasalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda sog‘lom oilani shakllantirish, o‘smirlar, ayniqsa, o‘smir qizlar reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha keng targ‘ibot va tushuntirish ishlarini tashkil etish va olib borish;

onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish tizimi muassasalari faoliyatini chuqur tahlil qilish, ushbu yo‘nalishda tegishli vazirlik va idoralarning ishini muvofiqlashtirish, onalar va bolalar kasallanishi hamda o‘limini kamaytirish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni o‘z ichiga olgan chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini ta’minlash.

Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Kengashning ishchi organi hisoblanadi;

Kengash vazifalarini amalga oshirishda tegishli vazirlik va idoralar unga vakolatlari doirasida har tomonlama ko‘mak beradilar hamda so‘ralgan zarur ma’lumotlarni taqdim etib boradilar;

Kengashning ishchi organi aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar va chora-tadbirlarning ijrosi bo‘yicha har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritib boradi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, YUNISEF va BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonalari tomonidan ishlab chiqilgan hamda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilishi belgilangan Qoraqalpog‘iston Respublikasida homilador ayollar va go‘daklarga ko‘rsatilayotgan perinatal yordam sifati va ommabopligini oshirish loyihasi (keyingi o‘rinlarda – Loyiha) 3-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

Loyiha doirasida:

kirib kelayotgan dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnikaga nisbatan ularni davlat reyestriga kiritmasdan va o‘rnatilgan yig‘imlarni undirmagan holda bir martalik davlat ro‘yxatiga olinishi va ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi berilishi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan dori vositalarini ro‘yxatga olish natijalarining tan olinishi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda YUNISEF va BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonalariga Loyihani o‘z vaqtida sifatli amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashishi va buning uchun zarur tashkiliy-amaliy choralar ko‘rishi belgilab qo‘yilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2020 yil 1 martga qadar viloyatlar va Toshkent shahrida ayollar va go‘daklarga ko‘rsatilayotgan perinatal yordam tizimini chuqur tahlil qilib, uning sifati va ommabopligini oshirish bo‘yicha hududiy loyihalarni (keyingi o‘rinlarda – hududiy loyihalar) ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Belgilansinki:

hududiy loyihalarni amalga oshirishdan asosiy maqsad perinatal yordam sifatini oshirish va tibbiyot muassasalari infratuzilmasi, ularning tibbiy uskunalar bilan jihozlanganlik va kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida tavsiya qilingan standartlarga muvofiqlashtirish hisoblanadi;

hududiy loyihalar har bir hududning individual xususiyatlari, shu jumladan, uning geografik joylashuvini aholi sog‘lig‘iga ta’siri, onalar va bolalar kasallanishi hamda o‘limi darajasi, tibbiyot muassasalarining jihozlanganligi, kadrlar salohiyati va aholining tibbiy savodxonligini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda hududiy loyihalar doirasida onalik va bolalikni muhofaza qilish muassasalarini xorijiy mamlakatlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar imtiyozli kreditlari va grantlari hamda byudjetdan tashqari boshqa mablag‘larni jalb qilgan holda tibbiy, shu jumladan, yuqori texnologiyali asbob-uskunalar bilan jihozlash choralarini ko‘rsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining quyidagilarni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin:

Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi o‘rinlarda – Bolalar xirurgiyasi markazi);

Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi (keyingi o‘rinlarda – Reabilitatsiya markazi);

Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida Yordamchi reproduktiv texnologiyalar markazi;

tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida, bolalar anesteziologiya-reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limlari hamda bemor bolalarga tunu kun shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatuvchi navbatchi shifokor postlari.

9. Belgilansinki:

Bolalar xirurgiyasi markazi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, Respublika bolalar kam invaziv va endovizual xirurgiya ilmiy-amaliy markazi, Respublika perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya o‘quv davolash metodik markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bolalar bo‘limi hamda Toshkent shahar 2-son bolalar klinik shifoxonasining mavjud o‘rinlar fondi va shtat birliklarini optimallashtirish hisobiga Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi hududida davlat tibbiyot muassasasi shaklida;

Reabilitatsiya markazi Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiya markazi negizida hamda Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bolalar birlashmasining mavjud o‘rinlar fondi va shtat birliklarini optimallashtirish hisobiga davlat tibbiyot muassasasi shaklida;

bolalar anesteziologiya-reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limlari hamda bemor bolalarga tunu kun shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatuvchi navbatchi shifokor postlari tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari shoshilinch bo‘limlarining mavjud pediatrik o‘rinlar fondi va shtat birliklari negizida;

Yordamchi reproduktiv texnologiyalar markazi Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan yuridik shaxs tashkil etmagan holda tashkil etiladi.

10. Quyidagilar:

a) Bolalar xirurgiyasi markazining asosiy vazifalari etib:

18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga kardioxirurgiya, urologiya, neonatal xirurgiya, neyroxirurgiya va xirurgiyaning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori texnologiyalarga asoslangan ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish;

bolalar xirurgiyasi sohasi bo‘yicha yuqori texnologiyalarga asoslangan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, sohani jahon ta’lim va ilmiy hamjamiyatiga integratsiya qilish asosida rivojlantirish;

b) Reabilitatsiya markazining asosiy vazifalari etib:

18 yoshgacha bo‘lgan bemor bolalarning hayot sifatini yaxshilash, shuningdek, salomatligini reabilitatsiya qilish orqali davolash, nogironlikning oldini olish;

kasalliklarning profilaktikasi va tibbiy reabilitatsiya bo‘yicha yuqori texnologiyalarga asoslangan ixtisoslashgan yordamga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, respublika sohaviy muassasalariga tashkiliy-metodik yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;

v) Yordamchi reproduktiv texnologiyalar markazining asosiy vazifalari etib:

aholiga pullik asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish, bepushtlikni bartaraf etish, yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullarini qabul qilingan klinik protokollar va standartlar asosida qo‘llash;

zamonaviy hamda xalqaro talablarga javob beradigan eng ilg‘or diagnostika va davolash standartlarini amaliyotga joriy etib, ushbu yo‘nalishda xorijiy davlatlardagi tibbiyot muassasalari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish belgilansin.

11. Toshkent viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Bolalar xirurgiyasi markazini qurish uchun Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi hududidan belgilangan tartibda yer maydoni ajratilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

2020 yil 1 aprelga qadar Bolalar xirurgiyasi markazini xalqaro talablar va standartlar asosida qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini;

2023 yil 1 yanvarga qadar Bolalar xirurgiyasi markazining qurib bitkazilishi va ishga tushirilishini ta’minlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining xususiy tibbiyot muassasalari uchun tug‘ruqni qabul qilish tibbiy faoliyat turi bilan shug‘ullanishga ruxsat berish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

Belgilansinki, tug‘ruqni qabul qilish tibbiy faoliyat turi bilan shug‘ullanish faqat Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining “Xavfsiz onalik” strategiyasi talablariga rioya etilishini ta’minlay oladigan tug‘ruq, jonlantirish, chaqaloqlarni jonlantirish, muddatiga yetmay tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish qilish, endovizual ginekologiya bo‘limlari, poliklinika, bakteriologik va klinik-biokimyo laboratoriyalari hamda yuqori malakali tibbiyot xodimlari mavjud bo‘lgan, shuningdek, sog‘liqni saqlash va FHDYO organlari o‘rtasida tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashinuvi dasturini doimiy yuritish sharti bilan xususiy tibbiyot muassasalariga ruxsat etiladi.

14. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2020 yil 1 martga qadar sog‘liqni saqlash va FHDYO organlari o‘rtasida tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashinuvi dasturini (keyingi o‘rinlarda – Elektron ma’lumotlar almashinuvi dasturi) quyidagilarni inobatga olgan holda takomillashtirsin:

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida tavsiya qilingan hisobot shakllarini real vaqt rejimida yuritish;

Elektron ma’lumotlar almashinuvi dasturiga xususiy tibbiyot muassasalarining ulanishi hamda uni sog‘liqni saqlash kompleks axborot tizimiga integratsiya qilish uchun zarur sharoitlar yaratish.

15. Belgilansinki, Elektron ma’lumotlar almashinuvi dasturi 2020 yil 1 iyuldan boshlab mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar barcha tug‘ruqni qabul qilish muassasalarida yuritilishi majburiy hisoblanadi.

16. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

2020 yil 1 fevralga qadar Reabilitatsiya markazi va Yordamchi reproduktiv texnologiyalar markazining nizom va tarkibiy tuzilmasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

uch oy muddatda xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan tug‘ruqni qabul qilish tibbiy faoliyat turi bilan shug‘ullanish uchun alohida litsenziya talablari, shu jumladan, Elektron ma’lumotlar almashinuvi dasturini yuritish shartlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda 2020 yil 1 iyunga qadar dalillarga asoslangan tibbiyotga muvofiq zamonaviy davolash-diagnostika xizmatlari bo‘yicha uslub va texnologiyalarni kiritgan holda, onalik va bolalikni muhofaza qilishga oid klinik protokollarni, diagnostika va kasalliklarni davolash standartlarini qayta ko‘rib chiqsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 yanvarga qadar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmati tizimida mavjud umumiy amaliyot shifokorlarining ish yuklamalarini qayta ko‘rib chiqish va sonini optimallashtirish hisobidan pediatr va akusher-ginekolog shtat birliklarini nazarda tutuvchi shtatlar me’yorlarini tasdiqlasin.

Belgilansinki, umumiy amaliyot shifokori mutaxassisligidan pediatr va akusher-ginekolog lavozimiga o‘tuvchi mutaxassislarning ish staji va toifasi saqlanadi.

18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi PQ–2863-son qarori bilan tasdiqlangan Tibbiy faoliyatning aholi hayoti, salomatligi va sanitariya-epidemiologik holatiga katta xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan va xususiy tibbiyot muassasalari uchun taqiqlangan ayrim turlari ro‘yxatining rus tilidagi matni 4-bandidagi “Prinyatiye rodov i prekraeniye” so‘zlari “Prekraeniye” so‘zi bilan almashtirilsin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2019 yil 8 noyabr

Shahnoza To‘ramurotova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

30

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing