Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning 2021 yil uchun Davlat byudjetini tasdiqladi
Jamiyat
−
26 dekabr 2020
17704O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni tasdiqlandi. Bu haqda Moliya vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Qonunda quyidagi asosiy ko‘rsatkichlar belgilanmoqda:
- 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 5,1 foizni tashkil qilgan holda 688,9 trln. so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda;
- Koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bir paytda fuqarolarimizni ijtimoiy qo‘llab quvvatlashni davom ettirish, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash maqsadida, 2021 yil uchun Davlat byudjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari balansi kutilayotalayotgan yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foiz miqdorida taqchillik bilan shakllantirilgan;
- Bunda, Davlat byudjeti daromadlari 147,2 trln. so‘m, xarajatlari esa Davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 165,8 trln. so‘m miqdorida;
- Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 26,2 trln. so‘m miqdorida, xarajatlari esa 40,7 trln. so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalarining taqchilligi Davlat byudjetidan transfertlar ajratish orqali qoplanishi ko‘zda tutilgan.
Xususan, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi daromadlari 23,5 trln. so‘m, xarajatlari 36,5 trln. so‘mni tashkil etgan holda Davlat byudjetidan 14,7 trln. so‘m miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining tushumlari 5,3 trln. so‘mni xarajatlari esa 13,4 trln. so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining taqchilligi jamg‘armaning yil boshiga qoldiq mablag‘lari hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2021 yildan boshlab Davlat byudjetining qamrovini oshirish hamda to‘liqligini ta’minlash maqsadida, Tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan 12,1 trln. so‘m miqdoridagi xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti tarkibiga kiritilgan.
Xabarga ko‘ra, yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining yuqori chegarasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foiz miqdorida belgilanmoqda.
Davlat dasturlarining rejalashtirilgan davlat xarajatlari bilan uyg‘unligini ta’minlash, jamoatchilik va Parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida, Qonun loyihasida birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilari (vazirlik va idoralar) uchun Davlat dasturlari uchun ajratilayotgan mablag‘larni alohida qatorlarda ko‘rsatilgan.
Qonun loyihasiga muvofiq, fiskal qoidalarni tadbiq etish bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganilganda. Fiskal qoidalarni tadbiq etgan 96 ta davlatdan 76 tasida davlat qarzining maksimal qiymati belgilangan bo‘lib, 45 ta mamlakat davlat qarzining maksimal qiymatini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foiz etib belgilangan.
Ma’lum qilinishicha, xalqaro valyuta jamg‘armasi ko‘magida Fiskal qoidalarni tadbiq etish yo‘riqnomasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzining uzoq muddat uchun hamda yillik maksimal me’yorini o‘rnatish bo‘yicha amalga oshirilgan tahlil, davlat qarzining dinamikasi va strukturasidan hamda boshqa mamlakatlarda davlat qarziga chegarani qonuniy belgilash tajribasidan kelib chiqib, Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan davlat qarzining maksimal me’yoriy chegarasini YAIMga nisbatan 60 foiz miqdorida belgilash maqsadga muvofiqligi bildirilgan.
Shu sababli, 2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasida Davlat byudjeti barqarorligini va tashqi qarzni belgilanayotgan yuqori chegarasi 60 foiz etib belgilangan.
Qonun loyihasida byudjet ijrosining yanada ochiqligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga:
byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilari kesimida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar va ularning ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hisobot choragining yakunlariga ko‘ra, hisobot choragidan keyingi oyning 25 sanasiga qadar;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat qarzining holati va o‘zgarishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorakda hisobot choragidan keyingi ikkinchi oyning 25 sanasiga qadar vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirib borish majburiyati yuklatilgan.
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi soliq va bojxona imtiyozlari ro‘yxatini, shuningdek taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlarining miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq to‘lovchilar kesimida o‘z rasmiy veb-saytlariga har chorakda chorakdan keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay, joylashtiradi:
- Davlat moliyaviy nazorati organlari moliya yilining birinchi oyida moliya yili uchun ish rejalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, har chorak yakunlariga ko‘ra esa nazorat tadbirlari natijalari bo‘yicha aniqlangan moliyaviy huquqbuzarliklar va ijobiy natijalar haqidagi ma’lumotlarni chorakdan keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay o‘z rasmiy veb-saytlariga;
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda tegishli byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarining ijro etilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar kesimida o‘z rasmiy veb-saytlariga har chorak yakunlariga ko‘ra, chorakdan keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay o‘z rasmiy veb-saytlariga.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlarining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari olib borilayotgan ob’ektlar ro‘yxati, shuningdek qurilish-ta’mirlash ishlarining moliyalashtirilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar har chorak yakunlariga ko‘ra, keyingi chorak birinchi oyining 10 sanasiga qadar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan majburiy tartibda o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borishi belgilab qo‘yilgan.
LiveBarchasi