Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazoni sharif bilan muborakbod etdi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 22 aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida mamlakat aholisi bandligi masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tdi. 

“Bugungi kunga qadar 424 nafar yurtdoshimiz bu kasallikdan xalos bo‘lib, reabilitatsiya rejimiga o‘tkazilgani barchamizga, butun el-yurtimizga katta kuch beradi.

Yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri tushunib, karantin qoidalariga og‘ishmay amal qilayotgan, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni keng qo‘llab-quvvatlayotgan barcha yurtdoshlarimizga yana bir marta rahmat aytaman.

Fursatdan foydalanib, kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan, haqiqiy qahramonlik ko‘rsatib, ushbu kasallikka qarshi kurashayotgan jonkuyar shifokorlarimizga, ular bilan bir safda turib xizmat qilayotgan xorijiy vrachlarga, shuningdek, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirliklari hamda Milliy gvardiya xodimlariga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan yana bir bor minnatdorchilik bildiraman”, degan davlat rahbari. 

Shavkat Mirziyoyev so‘zida davom etarkan, joriy yilning 20 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishga e’tibor qaratib, shunday degan: 

“20 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida biz xalqaro va milliy talablarga to‘liq amal qilgan holda, mamlakatimizda karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatish, shu asosda tezroq normal hayotga qaytish bo‘yicha dastlabki chora-tadbirlarni belgilab olgan edik.

Bugungi kunda virusdan xoli hududlardagi bir qator sanoat korxonalarida, qurilish maydonlarida, fermer va klaster xo‘jaliklarida, sanitar-epidemiologik normalarga qat’iy amal qilgan holda, ishlar asta-sekin boshlandi.

Ayniqsa, “Ko‘klamning har bir dami – g‘animat!” degan da’vatni o‘zlari uchun hayotiy shiorga aylantirib, dalalarimizda, tomorqalarda ter to‘kib, halol mehnat qilayotgan fidoyi dehqon va fermerlarimizga, klaster xo‘jaliklari rahbarlari va ishchi-xizmatchilariga o‘z rahmatimni aytaman”.

Bugungacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish va davlat ahamiyatiga moliy tadbirlarda videokonferens aloqa orqali ishtirok etayotgan edi. Ushbu yig‘ilishlarda ishtirok etgan vazirlar va davlat tashkilotlari rahbarlari ham niqoblarda namoyon bo‘lgandi. Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu galgi yig‘ilishni bevosita o‘tkazdi va unda ishtirok etgan davlat idoralari rahbarlarini ham niqobsiz holatda ko‘rish mumkin. Prezidentning ta’qidlashicha, mamlakatda koronavirusga qarshi kurash davom ettiriladi. 

“Albatta, biz koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni bir lahza ham to‘xtatmaymiz. Bu odamlarimiz, aholimizning sog‘lig‘i, hayoti bilan bog‘liq o‘ta muhim masala.

Ayni paytda, biz 34 millionli xalqimizni oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar bilan kafolatlangan holda ta’minlash, fuqarolar daromadlarining pasayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, yordam va ko‘makka muhtoj yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashdek g‘oyat dolzarb vazifani ham kechiktirmasdan hal qilishimiz kerak.

Buning uchun iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlari barqaror ishlashi shart. Ko‘rinib turganidek, biz bir vaqtning o‘zida qator murakkab vazifalarni yechishimiz zarur.

Hozirgi og‘ir paytda aholimizning yordam va ko‘makka muhtoj qatlamlarini aniq, manzilli asosda qo‘llab-quvvatlash maqsadida “SAXOVAT VA KO‘MAK” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish haqidagi tashabbusni xalqimiz, jamoatchiligimiz ko‘tarinki ruhda, qizg‘in kutib olgani barchamizni, albatta, xursand qiladi.

Bu masala bo‘yicha muhtaram faxriylarimiz, olimlar, madaniyat va san’at arboblari, hurmatli ulamolarimiz, biznes hamjamiyat vakillari, yoshlarimiz tomonidan televideniye va ro‘znomalarda, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlar, samimiy munosabat bunday ezgu intilish xalqimizning yuragida, qalbida mujassam ekanini yaqqol tasdiqlaydi.

Bu samimiy fikr-mulohazalar el boshiga ish tushgan qiyin damlarda bir-biriga yelkadosh bo‘lish, bir-biriga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish kabi eng olijanob fazilatlar xalqimizning yuragida, qalbida azaldan mujassam bo‘lganini, bugun ushbu intilishlar yanada kuchliroq jo‘sh urayotganini namoyon etadi.

Shu ma’noda, ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning “Saxovatli insonning boshiga jannat daraxtlari soya soladi” degan so‘zlarida chuqur hikmat bor, albatta.

Men, mana shu tashabbusni chin dildan qo‘llab-quvvatlab, bu savobli ishga munosib hissa qo‘shayotgan barcha vatandoshlarimizga, saxovatli tadbirkorlarimizga muqaddas kitoblarimizda aytilgan: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”, degan gapni yana bir bor eslatmoqchiman.

Albatta, ehtiyojmand, kam ta’minlangan insonlar va oilalarga mehr va hurmat bilan yordam qo‘lini cho‘zadigan barcha tadbirkorlar va fermerlarga, xo‘jalik birlashmalari vakillariga, vazirlik, idora va tashkilotlarning ishchi-xodimlariga bu qilgan yaxshiliklari bir necha bor ziyoda bo‘lib qaytadi.

Ta’kidlab aytaman: o‘z navbatida, davlatimiz, jamiyatimiz saxovatpesha tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.

Ularga hech qanday og‘irlik tushmaydi.

Shu ma’noda, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz birligini, uning beqiyos qudratini yorqin namoyon etib, yangi tariximiz sahifalaridan mustahkam o‘rin oladi, deb ishonaman”, deydi Mirziyoyev.

24 aprel kuni boshqa mamlakatlar qatorida O‘zbekistonda ham muqaddas Ramazon oyi boshlanadi. Bungacha davlat rahbari alohida qaror imzoladi. Prezident o‘z nutqida O‘zbekiston xalqini ushbu ulug‘ oy bilan muborakbod etdi. 

“Mana, jonajon Vatanimizga Ramazoni sharif kirib kelmoqda.

Ushbu ulug‘ ayyom munosabati bilan nuroniy otaxon va onaxonlarimizni, qadrli aka-uka, opa-singillarimizni, iymon-e’tiqodli xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etaman.

Barchangizga tinchlik-omonlik, oilaviy xotirjamlik, baxtu saodat yor bo‘lishini tilayman.

Bugungi o‘tkinchi qiyinchiliklarga qaramasdan, Ramazoni sharif har doimgidek xonadonlarimizga, dillarimizga quvonch, yurtimizga fayzu baraka baxsh etadi, bir-birimizga bo‘lgan mehr-oqibatimizni yanada ziyoda qiladi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, uzoq-yaqin mamlakatlardagi mo‘min-musulmon birodarlarimizni ham samimiy tabriklab, ularga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan tinchlik va farovonlik tilayman.

Hammamizga ayonki, Alloh taoloning marhamati bilan shahri Ramazonda ezgu niyatlar ijobat bo‘ladi.

Mana shu muborak oyda barchamiz tutgan ro‘zalarimiz, qilayotgan duoi fotihalarimiz, xayrli amallarimiz sharofati bilan barcha mamlakatlar qatori el-yurtimizni ham ushbu ofatdan tezroq xalos etishini Yaratgan Parvardigordan so‘rab qolamiz”.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ramazoni sharif

Baholaganlar

93

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing