Shavkat Mirziyoyev Umra ziyoratini amalga oshiradi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 17-18 avgust kunlari Saudiya Arabistoniga amalga oshiradigan davlat tashrifi doirasida Umra ziyoratida ham bo‘ladi. Bu haqda bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ma’lum qildi. 

“Rejada Shavkat Mirziyoyev Umra ziyoratini amalga oshirishi ham kutilmoqda. Shu sababli ham bu tashrif juda qiziqish bilan muhokamada bo‘lmoqda”, deydi Xudoyberdiyev. 

U o‘z so‘zida, Prezidentning ushbu tashrifi ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham diniy-ma’naviy tomondan manfaatli bo‘lishi uchun xalqdan duo qilishini so‘ragan. 

Ma’lumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan 17-18 avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Jidda shahrida oliy darajadagi O‘zbekiston-Saudiya sammitining asosiy tadbirlari bo‘lib o‘tadi. 

Muzokaralar kun tartibidan mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, energetika, moliya sohalarida va madaniy-gumanitar yo‘nalishda yanada kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.

Alohida e’tibor “yashil” iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, tibbiyot, kichik biznes va tadbirkorlik sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishga qaratiladi.

Sammit yakunida ikki tomonlama bitimlarning salmoqli to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.

Tashrif dasturida Saudiyaning yetakchi kompaniyalari, nufuzli xalqaro tuzilmalar – Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki rahbariyati bilan uchrashuvlar ham ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

431

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing