Shavkat Mirziyoyev O‘ktam Barnoyev xonadonida bo‘lib, uning onasiga ta’ziya bildirdi
Jamiyat
−
21 Sentabr 2020
22534Xabaringiz bor, kecha, 20 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Oliy Majlis Senati a’zosi O‘ktam Barnoyev og‘ir xastalik tufayli 56 yoshida vafot etgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 sentyabr kuni ta’ziyali xonadonga tashrif buyurdi. Qur’on tilovat qilindi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
“O‘ktam Barnoyev mehnat faoliyatini o‘zi tug‘ilib o‘sgan Buxoro viloyatida boshlagan. Keyinchalik Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligida, Vazirlar Mahkamasida mas’ul lavozimlarda ishlagan. 2008-2010 yillarda Samarqand, 2016-2020 yillarda Buxoro viloyati hokimi bo‘lgan. U joriy yildan Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
O‘ktam Barnoyevning deyarli butun faoliyati qishloq va suv xo‘jaligi bilan bog‘liq bo‘ldi. U ushbu sohadagi islohotlarini amalga oshirishda asosiy ijrochilardan biri edi. Bu yo‘lda barcha bilim, tajriba va kuchini safarbar qildi. Agrar tarmoqni diversifikatsiya qilish, bozor mexanizmlari va kooperatsiya tizimini joriy etish, yer va suv munosabatlarini takomillashtirish, hosildorlikni oshirib, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Davlat rahbari bugun marhumning onasi, rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi.
“O‘ktamjon olijanob, zabardast, fidoyi, vatanparvar, o‘rnak olishga arzigulik inson edi. Bosh vazir paytlarimda ham birga ishladik. Gapirmasam ham meni tushunardi. Bir insonning tarbiyalanib, shunday kadr bo‘lib yetishishi oson emas. Ayniqsa, oxirgi paytlar og‘ir sohani berib, ko‘nglim tinchib, ko‘p ishlarni boshlagan edik. Bu ofat butun dunyoga keldi. Qo‘limizdan kelgan hamma narsani qildik. Lekin o‘lim haq. Allohning irodasi ekan. Bu hammamizga musibat. Joyi jannatda bo‘lsin”, deydi Prezident.
Prezident marhumning oilasi, farzandlari doimiy e’tiborda bo‘lishini ta’kidladi.
O‘ktam Barnoyevning oila a’zolari davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, xalqqa osoyishtalik, sihat-salomatlik tilab duo qildilar.
Ma’lumot o‘rnida
O‘ktam Barnoyev 1964 yilda tug‘ilgan. U 1997—2000 yillarda Buxoro viloyati Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining iqtisodiyot va islohotlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan. 2000—2002 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimida rahbar lavozimlarda faoliyat olib borgan.
2002—2004 yillarda Vazirlar Mahkamasining agrosanoat majmuasida yetakchi mutaxassis, 2004—2005 yillarda hukumatning Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti mudiri, 2005—2007 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va xalq iste’moli mahsulotlari axborot-tahlil departamenti mudiri lavozimlarida ishlagan.
Shuningdek, 2007—2008 yillarda qishloq va suv xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari, 2008—2010 yillarda Samarqand viloyati hokimi, 2011—2016 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining Respublika suv inspeksiyasi boshlig‘i, 2016 yilda “O‘zagrokimyo” kompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan. U 2016 yil dekabridan 2020 yil 28 fevraligacha Buxoro viloyatiga hokimlik bo‘lgan.
2020 yil fevral oyi oxirida Bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlangandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘ktam Barnoyevda ham koronavirus aniqlangandi. Bu haqda jamoatchilikka 30 iyulda ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr