Shavkat Mirziyoyev uch kun Qozog‘istonda bo‘ladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan 12-14 oktyabr kunlari Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlislarida ishtirok etish uchun tashrif bilan Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, 13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yuqori darajadagi xalqaro forum – Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammitida qit’amizda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.

14 oktyabr kuniga rejalashtirilgan MDH mamlakatlari yetakchilarining uchrashuvida ko‘p tomonlama sheriklikning eng muhim jihatlari va amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Bo‘lajak tadbirlarda alohida e’tibor o‘zaro savdoni ko‘paytirish va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, samarali transport kommunikatsiyalarini shakllantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalariga qaratiladi.

Bundan tashqari, sammitlar doirasida O‘zbekiston Prezidenti hamkor mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar va ko‘p tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

118

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing