Shavkat Mirziyoyev “SHHT – 2040” konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi
Jamiyat
−
13:53 252 3 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqishni taklif etdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisi bugun, 1 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishidagi nutqida so‘z ochdi.
Prezident SHHT oldida turgan eng dolzarb vazifalarga to‘xtalib o‘tgan.
“Bugungi kunda nafaqat yuzaga kelayotgan muammolarni samarali hal etish, balki uzoq muddatli istiqbolda tashkilotni qanday holda ko‘rishni istashimizni aniq tasavvur qilishimiz ham muhimdir.
Davlatlarimizning raqobatbardoshligi ularning salohiyatlarini birlashtirish va birgalikda rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga tayyorligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi SHHT mamlakatlarining ulkan insoniy, tabiiy, ishlab chiqarish va intellektual resurslari, eng avvalo, xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi lozimligigi ishonch bildirgan. Shu bois, “SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqishga kirishishni taklif etgan. Uning asosiy maqsadi investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashiniladigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar kengayib boradigan o‘zaro bog‘liq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat bo‘lishi lozim.
O‘zbekiston yetakchisiga ko‘ra, iqtisodiy soha SHHT samaradorligining muhim ustuvor yo‘nalishi va bosh ko‘rsatkichi hisoblanadi. So‘nggi yillarda biznes hamkorligining geografiyasi va yo‘nalishlari barqaror ravishda kengayib bormoqda. O‘zbekistonda SHHT mamlakatlari bilan birgalikda bir yarim mingdan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi ortmoqda. Ushbu dinamikani ko‘p tomonlama qo‘shilgan qiymat zanjirlarini barqaror rivojlantirishga yo‘naltirish zarur.
“Shu maqsadda maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistikani birlashtiradigan SHHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Natijada biznes, investorlar va davlat tuzilmalari uchun amalda universal raqamli darcha paydo bo‘ladi.
Hozirning o‘zidayoq umumiy tamoyillarni kelishish bosqichidan SHHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirishga o‘tish zarur deb hisoblaymiz”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.
Shavkat Mirziyoyevning bildirishicha, ushbu institut faoliyati umummintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan, hayotga tatbiq etish uchun tayyor investitsiya takliflariga tayanishi lozim. Hukumat rahbarlari kengashi transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi ustuvor loyihalar portfelini tanlashni boshlashi kerak.
Bundan tashqari, O‘zbekiston yetakchisi Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha butunjahon tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini olqishlagan.
“O‘ylaymanki, SHHT ushbu yangi texnologik alyansning birinchi hamkorlari qatorida bo‘lishi kerak.
Sun’iy intellektni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish maqsadida SHHTning ochiq ko‘p tilli ma’lumotlar korpusini shakllantirish to‘g‘risida qaror qabul qilishni ham taklif etamiz”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston kelgusi yili Toshkentda SHHTning sun’iy intellekt va yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forumini o‘tkazishga tayyor ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilish uchun SHHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti kelganini aytgan edi.
Live
Barchasi