Shavkat Mirziyoyev senatorning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat va jamoat arbobi Mir-Akbar Hojiakbarovich Rahmonqulov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi. 

Taniqli davlat va jamoat arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi, yuridik fanlar doktori, professor Mir-Akbar Hojiakbarovich Rahmonqulov kecha, 11 fevral kuni 74 yoshida vafot etdi. 

Mir-Akbar Rahmonqulov 1952 yil 5 oktyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1975 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlab, Davlat reja qo‘mitasi huzuridagi iqtisodiyot ilmiy-tekshirish institutida kichik ilmiy xodim sifatida mehnat faoliyatini boshladi. Keyinchalik O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy qo‘mitasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumida turli lavozimlarda xizmat qilgan.

1992 – 1994 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining birinchi prorektori vazifasida ishlab, tashqi siyosat sohasida zamonaviy bilimga ega malakali kadrlarni tayyorlash ishlariga katta hissa qo‘shgan.

Mir-Akbar Rahmonqulov 1995 – 1997 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti direktori o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritib, O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muhim strategik tadqiqotlarga rahbarlik qilgan. 

Mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga oid davlat dasturlari, konseptual hujjatlar va qonunlar loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etgan.

Ayni vaqtda salohiyatli olim sifatida mintaqaviy xavfsizlik masalalari, xorijiy davlatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan qator monografiya va ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar yaratgan.

Tajribali siyosatchi, faol va tashabbuskor davlat xizmatchisi sifatida Rahmonqulov ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik Kengashining kotibi vazifalarida xizmat qilgan. 2022 yildan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida mas’ul vazifalarda ishlab, o‘zining boy tajribasi, chuqur bilim va salohiyati, fidoyilik va vatanparvarlik fazilatlarini namoyon etgan.

So‘nggi yillarda u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutiga rahbarlik qilish bilan birga, Oliy Majlis Senatining a’zosi sifatida ham samarali faoliyat olib borgan.

Mir-Akbar Rahmonqulovning davlat va xalq oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlangan. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” va II darajali “Shon-sharaf” ordenlari bilan mukofotlangan. 

“Taniqli davlat va jamoat arbobi, yirik huquqshunos olim, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Mir-Akbar Rahmonqulovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi”, deyiladi ta’ziya xatida.


Maqola muallifi

Teglar

hamdardlik senator Mir-Akbar Rahmonqulov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing