Prezident migrantlar hujjatlarini tan olish bo‘yicha yagona tizim taklif qildi
Jamiyat
−
18 dekabr 2020
4968O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, sammit ishida Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Moldova Respublikasi Prezidenti Igor Dodon, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchisi Talant Mamitov, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev va Hamdo‘stlik Parlamentlararo assambleyasi kengashi raisi Valentina Matviyenko ishtirok etdi.
Xabarga ko‘ra, kun tartibiga muvofiq MDH doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning holati va ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqilib, sheriklik munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi rejalar belgilab olingan.
Shavkat Miziyoyev o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi shu yil Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raislik qilishdek sharafli va mas’uliyatli vazifani ilk bor o‘z zimmasiga olganini ta’kidlagan.
MDHning ulkan salohiyatidan foydalanish, sa’y-harakatlarni birlashtirish, o‘zaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlash koronavirus pandemiyasi oqibatida kelib chiqqan inqirozdan tez fursatlarda chiqishning maqbul yo‘llarini topish uchun xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.
O‘zbekiston umumiy muammolarni hal qilishga yangi, nostandart va o‘zaro manfaatli yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishga tayyor”, deydi Mirziyoyev.
Ta’kidlanganishicha, O‘zbekiston MDH doirasidagi hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichiga izchil o‘tish, sheriklik mexanizmlari va qabul qilingan hujjatlar ijrosi samaradorligini oshirish tarafdoridir.
Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga doir qator takliflarni ilgari surgan.
Xususan, bugungi sharoitda MDH mamlakatlari iqtisodiyotlari, savdo va kooperatsiya aloqalarini jadal sur’atlarda qayta tiklash ustuvor vazifa ekani ta’kidlangan. Mavjud muammolarga qaramay, O‘zbekistonning MDHga a’zo boshqa mamlakatlar bilan tovar ayirboshlashi barqaror o‘sib borayotgani kuzatilayotgani aytilgan. Ayrim sheriklar bilan savdo joriy yilda 20 foizdan ziyodga ko‘paygan.
Shuningdek, hamdo‘stlik doirasida “yashil” va soddalashtirilgan yo‘laklar amaliyotini keng joriy etish, elektron savdoni rivojlantirish bo‘yicha yagona platformani ishga tushirish va “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish muhimligi qayd etilgan.
Shavkat Mirziyoyev sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish zarurligini qayd etgan.
Ma’lum qilinishicha, unda agrosanoat, mashinasozlik, elektrotexnika, yengil va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo‘shma klasterlar tashkil etish nazarda tutiladi. Ushbu dastur hamda innovatsion loyihalar va ilg‘or texnologiyalar taqdimotini kelgusi yil Toshkent shahrida o‘tadigan MDH mamlakatlari sanoat kooperatsiyasi forumi doirasida o‘tkazish taklif etilgan.
Transport yo‘laklari raqobatbardoshligini oshirish, texnik reglament va standartlarni uyg‘unlashtirish, o‘zaro kelishilgan tarif siyosatini amalga oshirish va preferensiyalarni o‘zaro taqdim etish transport sohasidagi muhim vazifalar sifatida belgilangan.
“O‘zbekiston barcha sanitariya talablariga rioya etgan holda o‘zaro aviaqatnovlarni imkon qadar tez fursatda qayta yo‘lga qo‘yish tarafdoridir. Bu ishbilarmonlik, gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini tiklashga xizmat qiladi”, deya ta’kidlaydi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Xabarga ko‘ra, MDH mamlakatlarining Hamdo‘stlik davlatlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston rahbari mehnat migrantlari hujjatlarini o‘zaro tan olishning yagona mexanizmini yaratish va bu sohada alohida dastur qabul qilish vaqti kelganini qayd etgan.
Shuningdek, bugungi kunda sanitariya-epidemiologik tusdagi favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va ularga barvaqt javob qaytarishning samarali tizimini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan MDH doirasidagi tegishli kelishuvni tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.
Prezident tomonidan kasalliklarni profilaktika qilish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida har yili ommaviy sport va madaniy tadbirlarni tashkil etgan holda “MDH salomatlik marafoni”ni o‘tkazish taklif etilgan.
MDH ijodiy va fan ziyolilarining navbatdagi forumi doirasida O‘zbekistonda “Hamdo‘stlik mamlakatlari madaniy merosi” konferensiyasini o‘tkazish g‘oyasi ilgari surilgan. Bu an’anaviy yaqin bo‘lgan gumanitar aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev tomonidan MDH makonidagi xavfsizlikka tahdid solayotgan xatarlar to‘g‘risida so‘z yuritilar ekan, Afg‘onistonda yo‘lga qo‘yilayotgan tinchlik jarayonini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhim ekani qayd etilgan.
“Ushbu mamlakatning tinchligi butun Hamdo‘stlik makonida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning muhim omilidir. Bu, shuningdek, davlatlarimizning Janubiy Osiyo bilan savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar degani”, deya ta’kidlaydi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Matbuot xizmatiga ko‘ra, mafkuraviy va axborot sohalarida xavfsizlikni ta’minlash masalalari ham yangi, noodatiy yondashuvlarni taqozo etayotgani qayd etilgan. Ushbu mavzudagi avval qoldirilgan Xalqaro ekspertlar forumi kelgusi yilda Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, huquqiy axborot bilan almashish uchun MDH Yagona elektron platformasini yaratish va Radikallashuvdan qaytarish sohasidagi hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif etilgan.
Tashkilot makonida do‘stlik va yaqin hamkorlikni mustahkamlashda parlamentlarning o‘rni ortib borayotgani ta’kidlangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston kelgusi yilda MDH Parlamentlararo assambleyasining yig‘ilishlaridan birini Toshkentda o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
So‘ng MDHga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari so‘zga chiqib, amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar uchun O‘zbekiston Respublikasiga chuqur minnatdorlik bildirgan, bu O‘zbekistonning Hamdo‘stlikka samarali raisligini ta’minlabgina qolmay, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni yanada kengaytirganini ta’kidlashgan.
Qolaversa, davlat rahbarlarining nuqtlarida iqtisodiyot, transport, xavfsizlik, gumanitar sohalarda aloqalarni chuqurlashtirish, MDHda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surilgan.
“Sammit yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, pandemiya oqibatlari bilan bog‘liq barcha qiyinchiliklarga qaramay, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Hamdo‘stlik yangi voqelikka samarali moslashishga qodirligini namoyish etdi”, deyiladi xabarda.
Majlisda MDHni yanada rivojlantirish konepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha asosiy tadbirlar rejasi, BMT tashkil etilganining 75 yilligi munosabati bilan hamda xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma bayonotlar qabul qilingan.
Shuningdek, kelgusi yilda tashkilotga Belarus Respublikasi raislik qilishi va navbatdagi sammitni Minsk shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorlar hamda ko‘p tomonlama hamkorlikning turli yo‘nalishlariga doir qator muhim hujjatlar imzolangan.