Shavkat Mirziyoyev Prezident maktabi faxriy mehmonlari kitobiga dastxat qoldirdi
Jamiyat
−
10 Sentabr 2019
3990Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Prezident maktabiga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.
Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. Bundan tashqari davlat rahbari Prezident maktabi faxriy mehmonlari kitobiga dastxat yozib qoldirdi.
“ ...Yangi O‘zbekistonimizni yuksak taraqqiyot bosqichiga ko‘tarishdek ezgu niyatimizga yangicha va mustaqil fikrlaydigan, o‘z Vatanini jonidan ortiq sevadigan, uning yorug‘ kelajagi uchun sadoqat bilan xizmat qiladigan, fidoyi yoshlarni tarbiyalash orqali erishamiz.
Ana shunday salohiyatli va barkamol kadrlarni tayyorlash maqsadida respublikamizning har bir hududida mutlaqo zamonaviy shakldagi ta’lim muassasalari – Prezident maktablarini tashkil etdik.
Men ishonaman, bu maskanlar jonajon O‘zbekistonimizning ertangi taqdirini o‘z qo‘liga olishga, globallashuv davrida keskin bellashuv va raqobatlarda g‘olib bo‘lishga qodir shaxslarni – yangi Xorazmiylar, Farg‘oniylar, Beruniylar, Ulug‘beklarni tarbiyalab yetishtiradi.
Poytaxtimiz Toshkent shahrida faoliyat boshlagan Prezident maktabi xalqimizning ulug‘vor va olijanob orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarishda barchaga namuna bo‘lishiga tilakdoshman”, deb yozgan Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, Prezident maktablari joriy yilda Nukus, Xiva va Namangan shaharlarida ham ochiladi. 2020 yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, 2021 yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi