Shavkat Mirziyoyev OIIB delegatsiyasini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 10 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szou Szyai boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida mamlakat yetakchisi ushbu nufuzli ko‘p tomonlama moliyaviy institut rahbarini lavozimga kirishgani bilan samimiy tabriklagan.

O‘zbekistonning Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan strategik sherikligini kengaytirishning amaliy masalalari atroflicha muhokama qilingan.

So‘nggi yillarda bank bilan ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Amaldagi va istiqbolli qo‘shma loyihalar portfeli 7 milliard dollardan oshgan. O‘tgan yilning o‘zida moliyalashtirish hajmi 1 milliard dollardan ziyodni tashkil etgan.

O‘zbekiston Prezidenti xususiy sektor, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish va ilgari surish, kambag‘allikni qisqartirish dasturini amalga oshirishga ko‘maklashish, muqobil energetika, energiya samaradorligi, suv ta’minoti, ijtimoiy xizmatni rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda samarali hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etgan.

OIIBning mintaqaviy ahamiyatga ega yirik infratuzilmaviy loyihalarda faol ishtirok etishi muhimligi ta’kidlangan.

O‘z navbatida, Szou Szyai O‘zbekistondagi o‘zgarishlar ko‘lamini yuqori baholab, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Tszou Tszyai

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing