Shavkat Mirziyoyev Muhammad Yusuf nomidagi maktab-internatiga avtobus sovg‘a qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 16-17 may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi doirasida Andijon shahridagi O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatda bo‘lgan, bu yerda tashkil etilgan shoir muzeyini ko‘zdan kechirib, ijodkor yoshlar bilan suhbatlashgandi.

Davlat rahbari ta’lim-tarbiya ishlari samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini yuksaltirish haqida fikrlar bildirib, yoshlarning boshqa viloyatlardagi ijod maktablariga borib, tengdoshlari bilan muloqot qilishlariga ko‘maklashish maqsadida maktabga avtobus ajratish haqida mutasaddilarga topshiriq bergan edi.

Kuni kecha Andijon shahridagi Muhammad Yusuf xiyobonida mehnat faxriylari, ijodkorlar, davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari, o‘quvchi-yoshlar ishtirokida viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov maktab jamoasiga Prezident sovg‘asi – avtobusni tantanali ravishda topshirdi.

“Yurtboshimizning e’tiboridan behad mamnunmiz. Bu e’tibor jamoamizni ko‘tarinki kayfiyat, shijoat, fidoyilik bilan ishlashga, o‘quvchilarimizni o‘qishda, ijodda yanada faol bo‘lishga undaydi”, deydi maktab-internat direktori Sh.Nurmatova.

Ayni kunda ushbu maktabda 250 nafar iqtidorli yigit-qiz ta’lim olmoqda. Bilim dargohida umumta’lim fanlari bilan birga, ona tili va adabiyot, badiiy ijod borasida puxta bilim berilmoqda.

Maktab ma’muriyati tomonidan iqtidorli o‘quvchilar va ustozlardan iborat ijodiy guruhlar tashkil etilib, yozgi ta’til davrida viloyatning chekka qishloqlariga ijodiy safarlar uyushtirish, tengdoshlari, uyushmagan yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, bolalar dam olish oromgohlarida adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish rejasi ishlab chiqilgan. Ana shu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirishda Prezident sovg‘asi – avtobus jamoa ijodiy guruhiga yaqin ko‘makchi bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoyev

Baholaganlar

11

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing