Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mahallaga bordi

Jamiyat

image

Bugun, 23 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Bog‘imaydon mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonda mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish va aholi uchun munosib yashash muhitini yaratish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.

Bu borada 2026 yil 16 fevralda qabul qilingan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili Davlat dasturi mahallalarni zamonaviy asosda rivojlantirish, ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Bog‘imaydon mahallasi bugun ana shunday yangilanishlar natijasida mutlaqo yangicha qiyofa kasb etgan. 1987 yilda tashkil etilgan ushbu mahallada hozir 41 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 990 ta xonadon mavjud bo‘lib, qariyb 5,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.

Hududda aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Xususan, bu yerda 20 ta bolalar o‘yingohi, 11 ta vorkaut maydonchasi, 3 ta mini-futbol maydoni va tennis korti tashkil etilgan. 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti qariyb 500 nafar bolani qamrab olgan.

Mahallada iqtisodiy faollikni oshirish va aholi bandligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bugun bu yerda 70 dan ziyod tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Bu esa ishsizlikni qisqartirish va oilalar daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, mahalladagi 1 ming 48 nafar yoshdan 949 nafarining bandligi ta’minlangan.

Hududda yashillikni asrash va ko‘paytirishga ham e’tibor kuchaytirilgan. Shu maqsadda 2022 yilda ekobog‘ tashkil etilgan. Qariyb 4,5 ming tup daraxtga ega ushbu bog‘ bugun keksayu yosh uchun sevimli dam olish maskaniga aylangan. Shuningdek, mahallada ijtimoiy muhitni mustahkamlashga xizmat qilayotgan “Nuroniylar maskani” ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

Davlat rahbari mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishgan. Bugun turarjoylar kirish qismlari kuzatuv kameralari va qo‘riqlash pultlari bilan jihozlangan. Hududga kirib-chiquvchi shaxslar va avtotransport vositalari zamonaviy texnologiyalar asosida nazorat qilib borilmoqda.

Prezident aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, mahalla oqsoqollari va faollari bilan muloqot qilgan. Obod va fayzli mahalla jamiyat tayanchi ekanini ta’kidlab, tinchlik, hamjihatlik va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash doimo ustuvor vazifa bo‘lib qolishini qayd etdi.

Davlat rahbari mahallada tashkil etilgan sumalak saylida ishtirok etib, mahalla ahli va bolajonlar bilan suhbatlashgan. Shuningdek, sport maydonchasida mashg‘ulot olib borayotgan yoshlar bilan uchrashib, jismoniy tarbiya va sog‘lom turmush tarzining barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtalgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga tashrif buyurgandi. Shuningdek, Prezident tumandagi O‘zbekiston ovozi ko‘chasida tashkil etilgan gastronomik turizm ko‘chasi faoliyati bilan tanishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Mirzo Ulug'bek tumani Bog'imaydon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing