Shavkat Mirziyoyev Lukashenkoni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
Jamiyat
−
20:25 646 2 daqiqa
Bugun, 30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qilib, ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, muloqot avvalida davlat rahbari Belarus yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, Belarus xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan.
O‘z navbatida, Belarus Prezidenti O‘zbekiston yetakchisi va ko‘p millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan samimiy qutlab, bardavom taraqqiyot va farovonlik tilagan.
Joriy yil 8-9 iyul kunlari Shavkat Mirziyoyevning Minsk shahriga rasmiy tashrifida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Belarus strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, samarali muloqot va almashinuvlar, shu jumladan, ikki mamlakat hududlari darajasida amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Ma’lum qilinishicha, yil boshidan buyon mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 28 foizga oshgan. Xususan, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bildirilishicha, yetakchilar muloqotda bo‘lajak ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlar rejasini ham muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rtasida bundan avvalgi telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgandi. Unda Lukashenko O‘zbekiston yetakchisining tavalludi bilan qutlagan edi.
Live
Barchasi