Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonda “Yil odami” deb e’tirof etildi
Jamiyat
−
17 fevral 2020
4732O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Respublikasida “Yil odami” deya e’tirof etildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.
O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Ala-Too ayыmdarы” (“Ola-Tau xonimlari”) ekologik harakati tomonidan “2019 yil odami” unvoni berilishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, respublika rahbariyati topshirig‘iga binoan maxsus mukofot va diplomni olish uchun Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov Bishkek shahriga kelgan.
Marosimda “Ala-Too ayыmdarы” ekologik harakati rahbari Jipargul Bargibayeva nutq so‘zlagan. U o‘z nutqida O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyoda do‘stlik, tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida amaliy va qardoshlik muhitini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan siyosat O‘zbekiston rahbari nomzodini tanlashning asosiy sababi bo‘lganini ta’kidlagan.
“Ala-Too ayыmdarы” harakati mukofoti, aslida, butun Qirg‘iziston xalqining irodasi ifodasidir”, deyilgan xabarda.
Ilhom Ne’matov O‘zbekiston Prezidenti nomidan O‘zbekiston rahbarining o‘zaro manfaatli O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligini mustahkamlashdagi xizmatlari e’tirof etilgani uchun “Ala-Too ayыmdarы” va uning timsolida qardosh Qirg‘iziston xalqiga samimiy minnatdorlik va yuksak hurmat bildirib o‘tgan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Repsublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev:
• 2018 yilda Osiyo jurnalistlar assotsiatsiyasi (AJA) tomonidan “Osiyoda yil odami”;
• 2019 yilda Ozarbayjonda “Yil odami”;
• 2019 yil oxirida Turkiy dunyo yozuvchilari, ziyolilari va san’atkorlari jamg‘armasi (Türk Dünyası Yazarlar ve Sanatçılar Vakfı –TURKSAV) tomonidan ta’sis etilgan “Turkiy dunyo tiklanishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.