Shavkat Mirziyoyev Qatarning sobiq amiri ta’ziyasida ishtirok etadi
Jamiyat
−
12:26 2183 2 daqiqa
Ertaga, 14 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qatarga tashrifi kutilmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborot berdi.
Qayd etishicha, yaqin vaqtlar ichida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlatining sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirish maqsadida Doha shahriga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 iyul kuni Qatarni 18 yil davomida boshqargan sobiq amir Hamad bin Xalifa Ol Soniy 74 yoshida vafot etdi.
Kechaning o‘zida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga uning otasi – Qatar Davlatining sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy vafot etgani munosabati bilan ta’ziya maktubini yo‘lladi.
“O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga munosib ulush qo‘shgan Shayx Hamad Ol Soniy A’lo Hazratlarining yorqin xotirasi va o‘chmas nomi qalblarimizda abadiy saqlanib qoladi”, deyiladi maktubda.
Ma’lumot uchun, Hamad bin Xalifa Ol Soniy 1952 yilda tug‘ilgan. U Qatarning yettinchi amiri va Al Soniy sulolasining uchinchi vakili edi. U oilaning boshqa a’zolari ko‘magi bilan 1995 yil 27 iyunda, otasi — amir Xalifa bin Hamad Al Soniy Shveysariyada xizmat safarida bo‘lgan paytda davlat rahbari lavozimini egallagan. Keyinchalik otasi Fransiyada yashab, faqat 2004 yildagina vataniga qaytgan.
Amir Hamadning boshqaruv davri Qatardagi islohotlar va modernizatsiya bilan bog‘liq. 2004 yil 8 iyunda Qatarning birinchi doimiy konstitutsiyasi qabul qilindi va u 2005 yil 9 iyunda kuchga kirdi. Ol Soniy Qatarni 18 yil boshqardi va 2013 yilda taxtdan voz kechib, o‘rnini hozirga qadar mamlakatni boshqarib kelayotgan o‘g‘liga bo‘shatib berdi.
Live
Barchasi