Shavkat Mirziyoyev Qatarga bordi
Jamiyat
−
14 iyul 3437 2 daqiqa
Bugun, 14 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati sobiq amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirish uchun Doha shahriga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Hamad xalqaro aeroportida O‘zbekiston rahbarini Qatar Bosh vaziri o‘rinbosari, Mudofaa vaziri Shayx Saud bin Abdulrahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan.
Tashrif doirasida Qatar Davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 iyul kuni Qatarni 18 yil davomida boshqargan sobiq amir Hamad bin Xalifa Ol Soniy 74 yoshida vafot etdi.
Shu kunning o‘zida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga uning otasi – Qatar Davlatining sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy vafot etgani munosabati bilan ta’ziya maktubini yo‘lladi.
Ma’lumot uchun, Hamad bin Xalifa Ol Soniy 1952 yilda tug‘ilgan. U Qatarning yettinchi amiri va Al Soniy sulolasining uchinchi vakili edi. U oilaning boshqa a’zolari ko‘magi bilan 1995 yil 27 iyunda, otasi — amir Xalifa bin Hamad Al Soniy Shveysariyada xizmat safarida bo‘lgan paytda davlat rahbari lavozimini egallagan. Keyinchalik otasi Fransiyada yashab, faqat 2004 yildagina vataniga qaytgan.
Amir Hamadning boshqaruv davri Qatardagi islohotlar va modernizatsiya bilan bog‘liq. 2004 yil 8 iyunda Qatarning birinchi doimiy konstitutsiyasi qabul qilindi va u 2005 yil 9 iyunda kuchga kirdi. Ol Soniy Qatarni 18 yil boshqardi va 2013 yilda taxtdan voz kechib, o‘rnini hozirga qadar mamlakatni boshqarib kelayotgan o‘g‘liga bo‘shatib berdi.
Live
Barchasi