Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaga boradi
Jamiyat
−
04 mart 2412 2 daqiqa
Bugun, 4 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, muloqot davomida so‘nggi kunlarda Yaqin Sharqda kuzatilayotgan jarayonlarning keskin tus olishi mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik hamda davlatlararo munosabatlarga jiddiy putur yetkazayotgani alohida ta’kidlangan.
Butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyida mamlakatlar suvereniteti, fuqarolar tinchligi hamda osoyishtaligiga xavf tug‘diradigan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, nizo va muammolarni tinch va diplomatik yo‘llar bilan hal etish zarurligi qayd etilgan.
Mamlakat yetakchisi bunday sinovli damlarda Iordaniya rahbariyati va xalqi bilan yakdil va birdamligini ta’kidlagan.
O‘z o‘rnida Iordaniya Podshohi ushbu sinovli kunlarda chin do‘stlik, samimiy qo‘llab-quvvatlash va hamjihatlik so‘zlari uchun Prezidentga chuqur minnatdorlik izhor etgan. Yaqin istiqbolda Ammanga bo‘lajak oliy darajadagi tarixiy tashrif yuksak saviyada va sermahsul o‘tishiga qat’iy ishonch bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, Ummon sultoni Haysam bin Toriq Ol Said, Quvayt davlati valiahdi Shayx Saboh al-Holid al-Hamad as-Saboh, Qatar davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va Bahrayn Podshohi Hamad bin Iso Ol Xalifa bilan telefon orqali suhbatda Yaqin Sharqdagi hozirgi murakkab vaziyat muhokama qilgan edi.