Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonni yubileyi bilan tabrikladi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonni 70 yoshni qarshilagani bilan tabriklab, telegramma yo‘lladi.

“Siz Janobi Oliylariga 70 yoshingiz munosabati bilan samimiy tabrik va ezgu tilaklarimni bildirishdan chin dildan mamnunman.

Biz sizni zamonaviy Tojikistonning atoqli davlat arbobi, xalqingizning buyuk farzandi va yurtingiz tinchligi va farovonligi yo‘lida katta matonat bilan mehnat qilayotgan haqiqiy rahbar sifatida bilamiz”, deyiladi tabrikda.

Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonning uzoqni ko‘ra oluvchi va oqilona siyosati natijasida xalqning turmush darajasi yuksalib, Tojikiston barcha sohalarda salmoqli yutuqlarga erishayotgani, xalqaro maydonda davlat nufuzi yuksalib borayotganini ta’kidlagan.

“So‘nggi yillarda amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan faol muloqotimiz strategik sheriklik munosabatlarini mutlaqo yangi bosqichga – ittifoqchilik munosabatlariga olib chiqdi.

Shubhasiz, qat’iy siyosiy irodamiz va o‘zaro sa’y-harakatlarimiz tufayli O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar bundan buyon ham barcha sohalarda abadiy do‘stlik, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik ruhida rivojlanadi”, deyiladi O‘zbekiston Prezidentining telegrammasida.

Prezident Mirziyoyev Imomali Rahmonni hayotidagi unutilmas kun – shonli yubiley bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mas’uliyatli davlat faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh Tojikiston xalqiga esa tinchlik, osoyishtalik va doimiy taraqqiyot tilagan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Imomali Rahmon

Baholaganlar

52

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing