Shavkat Mirziyoyev Bishkekda Trampning maxsus vakilini qabul qildi
Jamiyat
−
18:29 799 1 daqiqa
Bugun, 31 avgust kuni Bishkek shahriga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida Serjio Gor O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklagan hamda davlat rahbariga AQSH Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.

O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.
Siyosiy muloqot, parlamentlararo va hududlararo aloqalarning ijobiy sur’ati hamda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Ustuvor yo‘nalishlarda, jumladan, energetika, transport, muhim minerallar, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni davom etish muhimligi ta’kidlangan.
“S5+1” formati doirasida bo‘lajak tadbirlarga hamda O‘zbekiston-Amerika ishbilarmonlik va investitsiya kengashining navbatdagi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokara o‘tkazgani va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi.