Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Jozef Baydenga maktub yo‘lladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Baydenga maktub yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev maktub orqali Prezident Jo Baydenga Qobul aeroportidagi teraktda AQSH harbiy xizmatchilarining halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan.

“Unda davlatimiz rahbari Afg‘onistonning Kobul shahri xalqaro aeroporti hududida sodir etilgan terrorchilik hujumi oqibatida AQSH harbiy xizmatchilari qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor qilib, vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 avgust kuni Afg‘oniston poytaxti Qobul shahri aeroportida ketma-ket uchta portlash yuz berdi. Terrorchilik harakati, deya baholangan ushbu falokat oqibatida 150 dan ortiq odam jarohatlangan, 100 dan ziyodi halok bo‘lgan. Ularning orasida AQSHning 13 nafar harbiy xizmatchisi ham bor edi. Qurbonlar soni ortmoqda. 

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonot bilan chiqib, Qobulda yuz bergan terroristik xurujlarni qat’iyan qoralagan. Bundan tashqari, rasmiy Toshkent Afg‘onistondagi kuchlarni tinchlikka chaqirgan.

Qayd etish kerakki, Pentagon ushbu teraktda ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi “Viloyat Xuroson” guruhini ayblagan. O‘z navbatida, AQSH Prezidenti portlash ortida turgan guruhlarga kuch bilan javob qaytarishga va’da bergan.

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

171

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing