Shatdaun sababli AQSHning Ukrainaga harbiy yordami muzlatildi
Olam
−
03 Oktabr 6562 2 daqiqa
AQSH hukumati faoliyatining 1 oktyabrdan boshlab vaqtincha to‘xtashi tufayli Ukrainaga ko‘rsatiladigan harbiy yordamni muhokama qilish jarayoni ham to‘xtatildi. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, gap faqat qurol yetkazib berish haqida emas, balki kelajakdagi hamkorlik loyihalari haqida ham ketmoqda.
Federal xizmatchilar vaqtincha maoshsiz ta’tilga yuborilgani sababli vaziyat noaniq bo‘lib qolgan.
Manbalardan birining aytishicha, barcha kelajakdagi loyihalar zarar ko‘rgan, Urush vazirligi, Davlat departamenti va Oq uy vakillari uchrashuvlar o‘tkaza olmayotgani tufayli vaqt boy berilmoqda. Shu sababli yaqin haftalarda AQSHga borishi kerak bo‘lgan bir necha ukrainalik delegatsiyalar rejalarini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.
Sentyabr oyida AQSH NATO mablag‘lari hisobidan Ukrainaga 500 million dollar qiymatidagi yangi yordam paketini tasdiqlagan edi. Bu Donald Tramp hokimiyatga qaytgandan keyingi ilk yirik yordam paketi hisoblanadi. Yozda NATO va AQSH Ukraina uchun Priority Ukraine Requirements List (PURL) dasturini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, bu orqali Ukraina muntazam ravishda yordam olishi kerak edi. Hozirda ikki katta bitim bo‘yicha muzokaralar ketmoqda: biri Ukrainaga qurol yetkazib berish, ikkinchisi esa AQSHning Ukrainadan janglarda sinovdan o‘tgan dron texnologiyalarini sotib olishi haqida.
Ukraina Patriot tizimlari, HIMARS, ATACMS raketalari va ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotlarni sotib olishni xohlamoqda. Rossiya esa bunday yordamni keskin qoralab kelmoqda. Vladimir Putin G‘arb davlatlarining bu harakatlarini mojaroda bevosita ishtirok sifatida baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Ukrainaga Rossiya hududining chuqur qismiga zarbalar berish uchun zarur bo‘lgan razvedka ma’lumotlarini taqdim etishi haqida xabar berilgandi. Prezident Donald Tramp AQSH razvedka xizmatlari va Pentagonga Kiyevga bu yo‘nalishda yordam berishga ruxsat bergan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr