Sharmandali mag‘lubiyatdan so‘ng “Borussiya D” bosh murabbiyi iste’foga chiqarildi
Sport
−
13 dekabr 2020
7487Germaniyaning “Borussiya Dortmund” klubi rahbariyati bosh murabbiy Lyusen Favrni lavozimidan ozod qildi. Bu haqda jamoaning rasmiy saytida xabar berilgan.
63 yoshli mutaxassisni iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi qaror Germaniya chempionatining 11-turi doirasida “Shtutgart”dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng (1: 5) qabul qilingan. Bu dortmundliklar uchun o‘z uylaridagi ketma-ket uchinchi mag‘lubiyati edi.
Ayni paytda “Borussiya D” 19 ochko bilan Bundesliga turnir jadvalida beshinchi o‘rinda, “Bavariya” esa, 24 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Favrning sobiq yordamchisi Edin Terzich klubning vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Uning yordamchilari Sebastyan Geppert va Otto Addo bo‘ladi.
Shveysariyalik Lyusen Favr 2,5 yil davomida “Borussiya D” bosh murabbiyi bo‘lib ishladi va 2019 yilda Germaniya Superkubogini qo‘lga kiritdi. Bungacha u Germaniyaning “Gerta”, “Borussiya” (Myonxengladbax), Fransiyaning «Nitssa» jamoalarida murabbiylik qilgan. “Syurix” klubi bilan birgalikda ikki karra Shveysariya chempioni bo‘lgan.