Sharlar uchun bojxona to‘lovlarini 10 baravarga oshirish taklif qilindi
Jamiyat
−
01 iyul
5690O‘zbekistonga sharlarni olib kirish uchun bojxona to‘lovlarini 10 baravarga oshirish taklif qilindi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatidagi “Navro‘z” istirohat bog‘ida 5 ming dona shar uchirilishi haqida xabar tarqalgan. Bundan xabar topgan Milliy gvardiya va Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga yetib kelgan.
Ishchi guruh tomonidan vaziyatni o‘rganish chog‘ida sharlarning uchirilishi to‘xtatilgan.
“Ta’kidlash joizki, vazirlik plastik o‘yinchoqlar, sharlarni uchirish, tabiatni ifloslantirishga, chiqindilar bilan to‘ldirishga sabab bo‘ladigan boshqa shu kabi tadbirlar qoralaydi. Bu kabi holatlar taqiqlangan va javobgarlikka sabab bo‘ladi. Xususan, avvalroq “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida 10 000 ta plastik o‘rdakchalar tushirilmoqchi ekanligi xabarlar tarqalgandi. Vazirlik bu holat yuzasidan keskin munosabat bildirdi. Natijada bu tadbir bekor qilindi.
Afsuski, atrof- asrab-avaylashga befarq ayrim tadbirkorlar va ijtimoiy tarmoq faollari havo sharlari uchirilishi kabi tadbirlarni o‘tkazishda davom etmoqda”, deydi Ekologiya vazirligi.
Bildirilishicha, bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Ekologiya vazirligi tomonidan turli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, sharlarni O‘zbekistonga olib kirish uchun bojxona to‘lovlarini 10 baravarga oshirish, mamlakatda shar uchirish kabi tadbirlarni o‘tkazmoqchi bo‘lganlarga utilizatsiya talabini qo‘yish va bunda sharlarning narxiga nisbatan 100 baravar miqdorda narx belgilash taklif qilinmoqda.
LiveBarchasi